Jahon | 14:41
2754
10 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning ambitsiyalaridan qo‘rqayotgan Isroil, Ukrainaga berilayotgan Patriot va Rossiyani qo‘llashga tayyor KXDR – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil yana G‘azoni nishonga oldi: qurbonlar soni 58 mingdan oshdi

Isroil harbiylari G‘azo sektoriga hujumlarini davom ettirmoqda. Yakshanba kuni G‘azo shahridagi gavjum bozorda va suv tarqatish nuqtasida amalga oshirilgan hujumlarda kamida 95 falastinlik halok bo‘ldi. Al-Jazeera nashrining Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berishicha, G‘azodagi bozorga uyushtirilgan zarba oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘lgan.

Markaziy hududdagi Nusayrat qochqinlar lagerida esa, Isroil raketasi suv yig‘ish punktini nishonga olib, kamida 10 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Tibbiy manbalarga ko‘ra, halok bo‘lganlardan yetti nafari ichimlik suv olish uchun navbatda turgan bolalar bo‘lgan. Yana kamida 17 kishi yaralangan.

Isroil armiyasi G‘azo bozoridagi hujum bo‘yicha hozircha izoh bermagan. Biroq u Nusayratdagi zarba «bir falastinlik jangarini nishonga olgan» bo‘lib, texnik nosozlik sababli «belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqqanini» bildirgan. Bu da’vo mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

13 iyul kuni G‘azo sog‘liqni saqlash boshqarmasi urush boshlanganidan beri tasdiqlangan qurbonlar soni 58 ming kishidan oshganini bildirdi. Ulardan yarmi ayollar va bolalar. Yana kamida 138 500 kishi yaralangan.

Urush va Isroil qamalining oqibatida 2,1 million g‘azolikka ocharchilik xavfi tahdid solmoqda. UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida G‘azoda 5 800 dan ortiq bola to‘yib ovqatlanmaslik tashxisi bilan qayd etilgan. Shundan 1 000 dan ortig‘i og‘ir holatda bo‘lgan. Agentlik ketma-ket to‘rtinchi oyda o‘sish kuzatilganini ta’kidladi.

«Ochlik bolalar tanasini so‘rib bitiryapti. Bu oddiy oziqlanish inqirozi emas – bu bolalar omon qolishining favqulodda holatidir», — deyiladi UNICEF bayonotida.

Urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar Qatar poytaxti Doxada davom etmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga «umid qilamizki, bu hafta Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh bo‘yicha muzokaralar hal bo‘ladi,» degandi. Biroq AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan 60 kunlik sulh rejasi hanuz yechimsiz qolmoqda – tomonlar aybni bir-biriga yuklamoqda.

Yevropa AQShga qarshi javob bojlarini tayyorlamoqda

Agar savdo kelishuvlari bo‘yicha yechim topilmasa, Yevropa Ittifoqi avgust oyi boshidan AQShga qarshi choralar ko‘rishga tayyor. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Bryusseldagi matbuot-anjumanida ma’lum qildi.

«AQSh bizga, agar kelishilgan yechim topilmasa, kuchga kiradigan choralari bayon qilingan maktubni yubordi. Shuning uchun biz qarshi choralarimizni to‘xtatishni avgust boshigacha uzaytiramiz. Shu bilan birga, biz to‘liq tayyor bo‘lish uchun javob choralariga tayyorgarlikni davom ettiramiz», — dedi Ursula fon der Lyayyen.

Yevrokomissiya rahbarining qayd etishicha, YeI AQShga qarshi allaqachon ikkita javob chorasini tayyorlab qo‘ygan bo‘lsa-da, 1 avgustgacha tomonlar o‘rtasida savdo kelishuviga erishilishiga umid bildirmoqda.

YeI apreldan beri AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar olib boradi. Bitim imzolashning oxirgi muddati sifatida 1 avgust sanasi belgilangan. 12 iyuldan boshlab Donald Tramp Yevrokomissiya rahbari nomiga maktub yo‘llab, avgust oyidan YeI tovarlari uchun 30 foizli bojlar qo‘llanishidan xabardor qilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Trampning harakatlaridan keskin norozi ekanini ma’lum qildi. U «yevropaliklar manfaatlarini qat’iy himoya qilish uchun» Yevroittifoq o‘z qat’iyatini namoyon etadigan vaqt kelganini ta’kidladi.

AQSh Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini beradi

AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Merilend shtatidagi Endryus qo‘shma harbiy bazasida qilgan chiqishida Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari topshirilishini e’lon qildi.

Oq uy rahbari bu tizimlardan nechta berilishi haqida aniq raqam keltirmadi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, «muayyan miqdorda» yetkaziladi. Shu bilan birga, u AQSh bu tizimlarni Yevropa Ittifoqi davlatlariga sotishni, keyin esa ular orqali Ukrainaga yuborishni rejalashtirayotganini aytdi.

«Bu biz uchun biznes bo‘ladi. Biz ularga — ukrainaliklarga — zarur bo‘lgan Patriot'larni yuboramiz», — dedi Tramp.

Qaysi Yevropa mamlakatlariga bu tizimlar sotilishi haqida esa u aniqlik kiritmadi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ta’kidlashicha, Ukrainaga zarur bo‘lgan ba’zi qurollar allaqachon Yevropadagi NATO ittifoqchilari ixtiyorida mavjud. Uning aytishicha, bu qurollar Ukrainaga yuborilishi mumkin, shunda Yevropa davlatlari AQShdan ularning o‘rnini bosuvchi yangi qurollarni sotib oladi:

«Masalan, biror jihozni Germaniyadan Ukrainaga yuborish — uni AQShdagi zavoddan buyurtma qilish va yetkazib berishdan ko‘ra ancha tezroq», — dedi u.

Shimoliy Koreya Rossiyaga «sharsiz qo‘llab-quvvatlov» va’da qildi

Koreya xalq demokratik Respublikasi rahbari Kim Chen In Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini to‘liq va sharsiz qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

«Biz Rossiya rahbariyatining ukrain inqirozining ildiz sabablari bilan bog‘liq harakatlarini sharsiz qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga tayyormiz», — deya Kimning so‘zlarini keltirmoqda davlat telekanali.

Lavrov bir kun oldin — 12 iyulda — Shimoliy Koreyaning Vonsan shahrida mamlakat yetakchisi Kim Chen In va Tashqi ishlar vaziri Chxoe Son Xi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

«Biz ukrain mojarosi yuzasidan fikr almashdik. Koreyalik do‘stlar Rossiya armiyasi va rahbariyatining harakatlarini ochiq-oydin qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi», — degandi Lavrov. U, shuningdek, Koreya xalq armiyasi harbiylari Kursk viloyatidagi janglarda ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tashrifdan keyingi matbuot anjumanida Lavrovdan Shimoliy Koreya harbiylarining boshqa yo‘nalishlarda Rossiya tomonida jangga qo‘shilishi mumkinligi haqida so‘raldi. Lavrov Shimoliy Koreya Kim Chen In Rossiyaga qanday shaklda yordam berishni mustaqil hal qilishini aytdi.

2024 yilda imzolangan o‘zaro mudofaa bo‘yicha hamkorlik shartnomasi doirasida tomonlar harbiy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishgandi. Janubiy Koreya va Ukraina razvedka xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, Pxenyan kelgusi oylar ichida yana 25-30 ming askarni urushga yuborishi mumkin.

«Freedom Flotilla» koalitsiyasi yana G‘azoga yo‘l oldi

Yakshanba kuni «Freedom Flotilla Coalition» Italiyaning Sirakuza shahridan G‘azo yo‘nalishida yangi kemasi — «Handala» bilan yana safarga otlandi.

«Isroil kuchlari xalqaro suv hududida bizning Madlen kemamizni noqonuniy ravishda bosib olib, 12 qurolsiz faollarimizni o‘g‘irlab ketganiga bir necha hafta bo‘ldi. Biroq biz — xalqaro birdamlik bilan — Isroilning noqonuniy va halokatli qamaliga qarshi kurashishda davom etamiz», — deyiladi koalitsiyaning ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida.

Koalitsiya bu safar «G‘azo bolalari uchun» amalga oshirilayotganini ta’kidlab, yordam kemasi «insonparvarlik yordami va birdamlik xabarini» olib borayotganini bildirdi.

Faollar soni aniq emas, ammo taxminan 18 nafargacha bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Shuningdek, Fransiyadagi chap qanotdagi «Bo‘ysunmas Fransiya» partiyasining ikki a’zosi ham kemada bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Britaniya bayrog‘i ostida harakatlangan «Madlen» kemasi 6 iyun kuni Italiyaning Sitsiliya orolidan G‘azoga tomon yo‘l olgan edi. U Isroil tomonidan G‘azoga nisbatan qo‘llanayotgan dengiz blokadasini buzishga uringan. Biroq 9 iyun kuni Isroil kuchlari «Madlen» kemasini to‘xtatib, undan 12 kishilik ekipajni qo‘lga oldi va keyinchalik ularni qaytarib yubordi.

Isroil AQShga: Turkiyaga F-35 qiruvchilarini sotmang

Isroilning yuqori martabali rasmiylaridan biri AQShni Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotishni bloklashga chaqirdi. Bu haqda turk OAVlari o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Ismi tilga olinmagan Isroil rasmiysiga ko‘ra, Anqaraning bu samolyotlarni sotib olishi Isroilning havodagi harbiy ustunligini xavf ostiga qo‘yadi va Yaqin Sharqni beqarorlashtiradi. Isroillik mansabdorning ta’kidlashicha, asosiy xavflar quyidagilardan iborat:

Turkiyaning «neo-usmoniy ambitsiyalari», Suriyadagi harbiy amaliyotlari va HAMASga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlovi.

Manbaga ko‘ra, hozirgi paytda Turkiya va Isroil o‘rtasida harbiy to‘qnashuv ehtimoli ortib bormoqda. Ularning fikricha, Anqara Usmoniy imperiyasini qayta tiklashga intilmoqda va Quddus ustidan nazoratni qo‘lga kiritmoqchi.

«Isroil har doim to‘qnashuvlardan qochish tarafdori bo‘lib kelgan, ammo zarurat tug‘ilsa — harakat qilishga tayyor», degan rasmiy.

Joriy yil 25 iyun kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an jurnalistlarning «Turkiya va Isroil o‘rtasida urush ehtimoli bormi?» degan savoliga «faqat bizga hujum qilinmas ekan, bunday holat bo‘lmaydi», deya javob bergandi.

Mavzuga oid