Jahon | 15:00
2372
11 daqiqa o‘qiladi

Putindan jahli chiqqan Tramp, ikkiyuzlamachilik davri tugashi kerakligini aytgan BMT vakili va yana Suriyaga zarba bergan Isroil – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Trampning Putindan jahli chiqdi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutteni qabul qildi. U suhbatda Vladimir Putindan hafsalasi pir bo‘lganini va Ukraina bo‘yicha mojaroni tartibga solishdagi pozitsiyasidan noroziligini bildirdi.

«Menimcha, biz bu borada allaqachon kelishuvga erishgan bo‘lishimiz kerak edi, lekin u hanuz davom etmoqda», — dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya bilan urush bo‘yicha «taxminan to‘rt marta» kelishuvga yaqin kelganini his qilgan.

«Agar 50 kun ichida kelishuvga erishilmasa, biz juda qat’iy boj stavkalarini joriy qilamiz — taxminan 100 foiz miqdorida», — dedi Tramp. U bu «ikkilamchi bojlar» bo‘lishini, ya’ni Rossiyaning savdo hamkorlariga qaratilganini ta’kidladi.

Tramp, shuningdek, Ukrainaga milliardlab dollarlik harbiy texnika yetkazilishi haqida e’lon qildi: Vashington «eng zamonaviy qurollarni ishlab chiqarib», ularni NATOga yuboradi, alyans esa ularni «zarur bo‘lgan joyga» yetkazadi.

Reuters agentligi bergan iqtibosga ko‘ra, boshqa davlatlar tomonidan buyurtma qilingan 17 ta Patriot batareyasining bir qismi yoki barchasi «juda tez» Ukrainaga yuborilishi mumkin. NATO bosh kotibi Mark Ryuttega ko‘ra, bu Ukraina uchun havo hujumidan mudofaa vositalari, raketalar va o‘q-dorilardan iborat «ulkan harbiy texnika»ni olish imkonini beradi.

Ammo ayrim tahlilchilarning fikricha, Tramp tomonidan berilgan 50 kunlik muddat Kreml uchun harakat maydonini juda keng ochadi. Bundan tashqari, ilgari ham Putinga qo‘yilgan ultimatumlar hech qanday natija bermagan.

Lekin, bu safar vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin, chunki endi Tramp faqat qurol va’da qilmayapti, balki Rossiya va u bilan biznes qilayotgan davlatlarga boj stavkalari bilan tahdid qilmoqda. Bu tashabbus AQShdagi siyosiy kuchlar tomonidan ham ijobiy qabul qilinmoqda.

NATO bosh kotibi Mark Ryuttening aytishicha, Trampning bu qarori Ukraina mudofaa qobiliyatini saqlab qolishga xizmat qiladi va bu xarajatlarni asosan Yevropa davlatlari qoplaydi. AQSh prezidenti bunga javoban: «Bu to‘liq mantiqli», — dedi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas esa Trampning Rossiyaga nisbatan qat’iyroq pozitsiyasini olqishladi, biroq 50 kunlik ultimatumni «juda uzoq muddat» deb atadi.

Kolumbiyada Falastin bo‘yicha konferensiya

BMT maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze Kolumbiya poytaxti Bogotada 15 iyun kuni boshlanadigan va Xitoy, Ispaniya hamda Qatar ishtirok etadigan Haaga guruhining ikki kunlik yig‘ilishini «Isroil va Falastin xalqi uchun muhim daqiqa» deb atadi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi — BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyani amalga oshirish uchun qatnashchi davlatlar qanday amaliy choralarni ko‘rishini belgilab olishdir. Bu rezolyutsiya 2024 yil iyul oyida Xalqaro sud tomonidan berilgan maslahat xulosasini 2025 yil sentabrga qadar hayotga tatbiq etishni talab qiladi.

Sud o‘z xulosasida «Isroilning xavfsizlikka oid xavotirlari hududni kuch bilan egallashni taqiqlovchi xalqaro huquq tamoyillaridan ustun bo‘lmaydi», — deb qayd etgan va Isroildan «bosqinini imkon qadar tez tugatishni» talab qilgan.

Konferensiyaga mezbonlik qilayotgan Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro bu uchrashuv dunyo jamoatchiligining Isroilning harbiy harakatlarini faqat qoralab qolmay, uni to‘xtatishga qaratilgan jamoaviy harakatga o‘tganini ko‘rsatadi, dedi.

Konferensiyada siyosiy, iqtisodiy va huquqiy choralarni aniq belgilash rejalashtirilgan. Biroq Isroilni xalqaro miqyosda qanchalik darajada yakkalash mumkinligi bo‘yicha davlatlar o‘rtasida qarashlar turlicha. Isroil o‘zini AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ekan, xavfsiz his qiladi.

Shuningdek, BMTning maxsus ma’ruzachisi bu ikkiyuzlamachilik davri tugashi kerakligini aytdi.

«Xalqaro huquq juda uzoq vaqt mobaynida ixtiyoriy, kuchsiz va kuchlilar tomonidan istalgancha tahrirlanadigan norma sifatida qaraldi. Bu ikkiyuzlamachilik xalqaro huquqiy tizimning poydevorini yemirdi. Endi bu davr tugashi kerak. Dunyo bugun biz — davlatlar va insonlar — nima qilganimizni eslab qoladi: biz qo‘rqib chekinamizmi yoki insoniylikni himoya qilish uchun harakatga o‘tamizmi? Bogotada tobora ko‘payib borayotgan davlatlar sukutni buza olish va huquqiylik yo‘liga qaytish imkoniyatiga ega. Endi harakat qilish vaqti — barcha uchun teng huquqlar va erkinliklar asosida, ba’zilar foydasiga boshqalarning yo‘q qilinishi hisobiga emas», dedi u.

Ayni vaqtda Albanezega nisbatan AQSh Davlat departamenti tomonidan «Isroil va AQShga qarshi xalqaro jinoiy sud harakatlarini targ‘ib qilgani uchun» shaxsiy sanksiyalar joriy etilgan.

Isroil armiyasi Suriyaning harbiy tanklariga zarba berdi

Suriyaning Suvayda viloyatida mahalliy militsiyalar va qabila vakillari o‘rtasidagi janglarda o‘nlab odam halok bo‘ldi. Dushanba kuni tartibni tiklash uchun yuborilgan hukumat xavfsizlik kuchlari ham mahalliy qurollangan guruhlar bilan to‘qnashdi. Suriya ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 100 ga yaqin odam yaralangan. Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari kuzatuv markazi esa kamida 99 kishining o‘limini qayd etdi, ularning orasida ikki bola, ikki ayol va 14 nafar xavfsizlik xodimi ham bor.

Zo‘ravonlik kuchaygan bir vaqtda Isroil – avvalroq druzlarni himoya qilish bahonasida Suriyani nishonga olgan – Suvayda hududida «bir nechta tanklar»ga zarba berganini va bu Damashqqa «ogohlantirish» bo‘lganini bildirdi.

The Guardian nashrining yozishicha, bu — fuqarolik urushi boshlanganidan 13 yil o‘tib ham barqarorlikka erisha olmayotgan mamlakatdagi navbatdagi keskinlikdir.

Kuzatuv markazi ma’lumotiga ko‘ra, to‘qnashuvlar dastlab druzlar va sunniy badaviy qabilalari o‘rtasida boshlangan, hukumat xavfsizlik kuchlarining ba’zi a’zolari esa badaviylarni qo‘llab-quvvatlab, jangda faol ishtirok etgan.

Ichki ishlar vazirligi vakili Nureddin al-Baba dushanba kuni tongda hukumat kuchlari Suvayda viloyatiga kirganini va tartibni tiklash harakatlari boshlanganini bildirdi. Druz diniy yetakchilari dushanba oqshomida hududda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va ular Suriya markaziy hukumatiga qarshi emasliklarini ma’lum qildi.

Isroil kuchlari o‘tgan dekabr oyida Jo‘lon tepaliklari bilan chegaradosh hududdagi BMT tomonidan nazorat qilinadigan neytral zonani egallab olgan va Suriyada yuzlab havo hujumlarini amalga oshirgan edi.

Avstraliyada yirik harbiy mashg‘ulotlar boshlandi

Avstraliyada "Talisman Sabre" nomi ostida misli ko‘rilmagan harbiy mashg‘ulotlar boshlandi va unda G‘arbiy Yevropa hamda Hind-Tinch okeani mintaqasining ko‘plab davlatlari ishtirok etmoqda. Sidney ko‘rfazidagi ochilish marosimida AQSh va Avstraliya harbiy kuchlari bosh qo‘mondonlari ishtirok etdi. Shu kunning o‘zida Avstraliya ilk bor Amerikaning PC30 HIMARS tizimlarini sinovdan o‘tkazib ko‘rdi.

Joriy yilda o‘quv mashg‘ulotlari uch hafta davom etib, 4 avgustda yakunlanadi. Unda 19 ta davlat, jumladan, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Yaponiyadan 35 ming harbiy xizmatchi ishtirok etadi. Malayziya va Vetnam kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchi davlatlar ko‘plab manyovrlarni mashq qiladi. «Jangovar o‘t ochish va dala mashqlaridan boshlab desant tushirish, quruqlikdagi qo‘shinlar va jangovar aviatsiya manyovrlarigacha. "Talisman Sabre" butun dunyo harbiy xizmatchilarini birlashtirib, ularga dengizda, quruqlikda, havoda, kosmik va kiber arenalarda mashq qilish uchun ajoyib imkoniyat taqdim etadi», — deb yozadi Avstraliya mudofaa sanoati vaziri Pet Konroy.

Urush qurbonlari ortmoqda

2025 yil boshidan beri Rossiya—Ukraina urushida rossiyalik 100 ming harbiy halok bo‘ldi. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte AQSh prezidenti Donald Tramp bilan 14 iyul kuni Oq uyda o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.

«2025 yil 1 yanvardan boshlab rossiyalik 100 ming askar halok bo‘ldi», — dedi Ryutte. Bundan tashqari NATO bosh kotibi — Rossiya Istanbuldagi tinchlik muzokaralariga «jiddiy odamlarni» yubormagan deb hisoblaydi.

«O‘zim ham may oyida NATO ishlari bo‘yicha Turkiyada bo‘ldim va biz Istanbulga jiddiy delegatsiya yuborishlari uchun ukrainaliklarga rostdan ham bosim o‘tkazdik. Va ular buni amalga oshirdi. Ammo keyin ruslar Rossiyaning 1250 yildan boshlab tarixini tushuntirishga kirishgan qandaydir tarixchi bilan keldi», — dedi Ryutte.

Aftidan, u Rossiya delegatsiyasi boshlig‘i, Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiyni nazarda tutgan — u tarix fanlari bo‘yicha doktorlik darajasiga ega. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ryuttening bayonotini «abrakadabra» deb atab, «masalaning tarixini bilmasdan turib, biror muammoni yechib bo‘lmasligi, faqat chuqurlashishi mumkinligi»ni ma’lum qildi.

Mavzuga oid