Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gumanitar tashkilotlar G‘azoda ommaviy ocharchilik bo‘lishidan ogohlantirmoqda
Mahalliy shifokor G‘azoda uch kun ichida 21 bola ochlikdan vafot etganini xabar qildi. Isroil sektorga bolalar uchun mo‘ljallangan 2000 tonna oziq-ovqat mahsulotlari olib kirilganini iddao qilmoqda.

Foto: Reuters
100 dan ortiq insonparvarlik tashkilotlari va inson huquqlari guruhlari chorshanba kuni G‘azoda «ommaviy ochlik» tarqalayotganidan ogohlantirdi. Bayonotda aytilishicha, G‘azoga har kuni o‘rtacha faqat 28 ta yuk mashinasida insonparvarlik yordami yetkaziladi va bu juda kam. Isroil oziq-ovqat sektoriga to‘sqinlik qilmayotganini, xususan, u yerga bolalar uchun mo‘ljallangan 2000 tonna oziq-ovqat mahsulotlari olib kelinganini da’vo qilmoqda.
AQSh o‘zining yuqori martabali elchisi ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar yo‘lak yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Yevropaga yo‘l olganini ma’lum qildi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi ikki kun ichida sektorda 10 nafar katta yoshli kishi ochlikdan vafot etganini ma’lum qildi. Tibbiyotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabr oyida mojaro boshlanganidan beri sektor hududida 111 kishi ochlikdan vafot etgan.
G‘azo shahridagi Shifo shifoxonasi direktori doktor Muhammad Abu Salmiyaning BBC’ga ma’lum qilishicha, so‘nggi uch kun ichida butun sektor hududida 21 nafar bola to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida vafot etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sektorda 900 ming bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.
Isroil G‘azo aholisini ongli ravishda ochlikdan o‘ldirayotgani haqidagi ayblovlarni bir necha bor rad etgan. Isroil hukumati sektorga oziq-ovqat va boshqa insonparvarlik yordamini kiritayotganiga ishontirmoqda.
Seshanba kuni Isroil mudofaa armiyasi vakili podpolkovnik Nadav Shoshani tomonidan ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan kadrlarda G‘azo chegarasida to‘plangan 950 ta yuk mashinasidan iborat ulkan miqdordagi yuklarni ko‘rish mumkin. «Va bu Isroil gumanitar yordam olib kirishni osonlashtirganidan keyin», – deb yozadi u.

Isroil mudofaa vazirligining Falastin hududlarida fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi COGAT bo‘linmasi dushanba kuni G‘azoga 2000 tonnadan ortiq bolalar oziq-ovqati yetkazib berilganini ma’lum qildi – ammo qancha vaqt ichida yetkazib berilganiga aniqlik kiritmadi.
«Biz xalqaro tashkilotlarni bolalar oziq-ovqatlari va aralashmalarini kechiktirmasdan olib kirishni ta’minlash uchun biz bilan harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga chaqiramiz. Biz hamon fuqarolarga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni ta’minlash niyatidamiz - ammo Hamasga emas», – deyiladi COGAT’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Agence France Presse agentligi jurnalistlar uyushmasi dushanba kuni G‘azo sektoridagi shtatdan tashqari muxbiriga ochlikdan o‘lim tahdid solayotganini ma’lum qildi.
Ko‘p o‘tmay, AFP rahbariyati ham agentlikning G‘azodagi shtatdan tashqari xodimlari chidab bo‘lmas ahvolga tushib qolganini aytdi.
«Shuning uchun AFP 2024 yilning yanvar-aprel oylarida G‘azodan o‘zining shtatdagi sakkiz nafar xodimi va ularning oilalarini evakuatsiya qilgan bo‘lsa-da, endi qattiq qamaldagi hududni tark etishdagi ulkan qiyinchiliklarga qaramay, shtatdan tashqari xodimlarga nisbatan ham xuddi shunday choralarni ko‘rmoqda», – dedi AFP rahbariyati va Isroil rasmiylarini evakuatsiyaga yordam berishga chaqirdi.
Isroil G‘azo sektorining butun perimetrini nazorat qilib, unga xorijiy jurnalistlarni kuzatuvchisiz kiritmay kelmoqda.

Falastin tomoni gumanitar yordamni taqsimlash va qo‘riqlash uchun maxsus tashkil etilgan Amerikaning Gaza Humanitarian Foundation (GHF) firmasining isroillik harbiylari va qo‘riqchilarini yordam tarqatish punktlari oldida to‘plangan odamlarni tinimsiz o‘qqa tutib, o‘ldirayotganlikda ayblamoqda.
Haaretz gazetasi va Economist jurnali muxbiri, britaniyalik-isroillik jurnalist Anshel Pfeffer BBC efirida isroillik harbiylar hamrohligida Xon Yunusdagi shunday punkt yaqinida bo‘lib, taqsimlash punktiga bostirib kelayotgan olomonni ko‘rganini aytdi.
Pfefferning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik qo‘riqchilar odamlarni ushlab turishga va havoga o‘q uzish orqali tartibni saqlashga harakat qilgan – unga bu jangovar patronlar bilan emasligi aytilgan – shuningdek, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanilgan.
«Qaysidir lahzada vaziyat nazoratdan chiqib ketdi va ular ortga chekindi, shundan keyin qutilarni oldindagilar yordamida tortib olishdi», – deydi Pfeffer.

BMT Isroildan kelayotgan yuklarni chegara punktlari hududida g‘azolik haydovchilar yordamida yig‘ish va harbiy hududlar orqali tashishga ruxsat olish qiyinligini bir necha bor ta’kidlagan.
Harbiy harakatlar davom etayotgani, yo‘llar jiddiy shikastlangani va yoqilg‘i taqchilligi muammolarni yanada kuchaytirdi. Ba’zan qurollangan to‘dalarning harakatlari tufayli operatsiyalarni to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. Bu muammolar hamon saqlanib qolmoqda, ammo endi BMT asosiy muammo sifatida TSAHALdan falastinliklar yordam olish vaqtida o‘qqa tutilmasligiga kafolat ololmasligini ko‘rmoqda. Har safar ularning jamoalari o‘tish joylarida yordam yig‘ishga harakat qilganda, BMT xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, ularning yuk mashinalariga tinch aholi yaqinlashadi va ular o‘qqa tutiladi.
Bu «harbiylar jangga kirmasligi va kelmasligi haqida bir necha bor va’da berilganiga qaramay» sodir bo‘lmoqda, – dedi BMT bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining ta’kidlashicha, GHF ish boshlagan 27 maydan beri gumanitar yordam olishga uringan 1054 kishi o‘ldirilgan yoki tirbandlikda halok bo‘lgan: 766 kishi GHF punktlari yaqinida va 288 kishi BMT va boshqa tashkilotlarning punktlari va karvonlari yaqinida.
«Bizning ma’lumotlarimiz joylardagi ko‘plab ishonchli manbalar, jumladan, shifokorlar, gumanitar va inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotlariga asoslangan. Ular hali ham bizning qat’iy metodikamiz bo‘yicha tekshirilmoqda», – deya ta’kidladi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi.
Yakshanba kuni Hamas sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo sektori shimolida BMTdan yordam karvonini kutayotgan kamida 67 kishi o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bir kun avval, ularning ma’lumotlariga ko‘ra, sektor janubidagi ikkita taqsimlash punktida kamida 39 kishi halok bo‘lgandi. So‘nggi bir yarim hafta ichida Falastin tomoni kamida oltita shunga o‘xshash hodisa haqida xabar berdi.
Isroil va GHF bu ma’lumotlarga e’tiroz bildirmoqda. Isroil yordamni taqsimlash GHF orqali yo‘lga qo‘yilganini Hamasni insonparvarlik yordamini o‘g‘irlash imkoniyatidan mahrum qilish zarurati bilan tushuntiradi. BMT esa GHF bilan «axloqiy sabablarga ko‘ra» ishlashdan bosh tortmoqda.
Mavzuga oid

22:44 / 23.07.2025
Isroil parlamenti O‘rdun daryosi g‘arbiy sohilini anneksiya qilishni ma’qulladi

16:52 / 23.07.2025
Isroil JSST omboriga hujum qildi: G‘azoda ommaviy o‘limlar xavfi kuchaymoqda

15:03 / 22.07.2025
G‘azo sektorida deyarli har kuni gumanitar yordamga navbatda turganlar halok bo‘lmoqda

12:50 / 22.07.2025