Jahon | 16:52 / 23.07.2025
2621
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil JSST omboriga hujum qildi: G‘azoda ommaviy o‘limlar xavfi kuchaymoqda

Isroil harbiylari G‘azo markaziga bergan zarbalari oqibatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining asosiy ombori va tashkilot xodimlarining yashash joylari vayron bo‘ldi. Isroil Deir al-Balah boshlagan yangi operatsiyasi natijasida sektorda deyarli xavfsiz joy qolmagan hamda insonparvarlik tizimining so‘nggi tayanchlari barbod bo‘lmoqda. Shunga qaramay, JSST G‘azoda qolishini bildirdi.

Foto: Hatem Khaled/Reuters

21 iyul kuni Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi Deir al-Balah shahrida joylashgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xodimlarining yashash joyi va asosiy omboriga hujum qildi. Bu haqda tashkilot bayonotiga tayanib, The Guardian nashri xabar bermoqda.

JSST bayonotida aytilishicha, tashkilot xodimlari yashaydigan bino uch marotaba bombardimon qilingan, aviazarbalar yong‘in chiqishiga va katta zarar yetishiga olib kelgan. Bu holat xodimlar va ularning oilalari, jumladan bolalar hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘ygan.

«Isroil harbiylari JSST binosiga bostirib kirgan, ayollar va bolalarni faol janglar bo‘layotgan hududdan piyoda tarzda al-Mavasi tomonga ko‘chishga majbur qilgan. Erkak xodimlar va ularning oila a’zolari qo‘llari kishanlangan, yechintirilgan, joyida so‘roq qilingan va tekshiruvdan o‘tkazilgan», deyiladi tashkilot bayonotida.

JSST bosh direktori Tedros Adxanom / Foto: AP

Shuningdek, JSST ikki nafar xodimi va ularning ikki oila a’zosining hibsga olinganini bildirdi. Ularning uch nafari keyinchalik qo‘yib yuborilgan, biroq bitta xodim hali ham hibsda qolmoqda. Tashkilot bosh direktori Tedros Adxanom «JSST xodimining darhol ozod qilinishini va barcha xodimlar xavfsizligini ta’minlashni» talab qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti G‘azodagi omborxonasining hujumdan avvalgi va keyin binolari tasvirlarini ham e’lon qildi.

JSST ma’lum qilishicha, evakuatsiya zonasida joylashgan tashkilotning asosiy ombori yakshanba kuni berilgan zarbada vayron bo‘lgan, portlash va yong‘in yuz bergan. Shunga qaramay, tashkilot Deir al-Balahda qolishini va operatsiyalarini kengaytirishini bildirdi.

Dushanba kuni Isroil tanklari ilk bor Deir al-Balahning janubiy va sharqiy hududlariga kirib bordi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, bu hududda garovga olinganlar bo‘lishi mumkin. Hududga tanklardan berilgan zarbalar uylar va masjidlarga kelib tushgan. Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, kamida uch nafar falastinlik halok bo‘ldi, yana bir nechtasi jarohat oldi.

Foto: BBC

Deir al-Balah shahri 21 oydan buyon davom etayotgan urushda boshqa hududlardan ko‘chirib kelingan minglab falastinliklar bilan to‘lib-toshgan. Bu shahar G‘azodagi asosiy insonparvarlik markazi bo‘lib qolayotgan edi. G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylari yaqin kunlarda ochlikdan «ommaviy o‘limlar» xavfi haqida ogohlantirmoqda.

JSST G‘azodagi sog‘liqni saqlash tizimini «tizzasiga cho‘kkan» holatda deb tasvirlamoqda — yoqilg‘i, dori-darmon tanqisligi va Isroil hujumlaridan keyingi ommaviy jabrlanganlar oqimi bunga sabab bo‘lmoqda.

«G‘azoda hayot tobora siqilmoqda, har bir o‘tgan kun insonlar hayotini saqlab qolish imkoniyatini yanada kamaytirmoqda. O‘q otishni to‘xtatish – shunchaki zarur emas, balki allaqachon kechikkan chora», deyiladi bayonotda.

Isroil mudofaa kuchlari (IDF) seshanba kuni bergan bayonotida, o‘z harbiylari Deir al-Balah hududida o‘qqa tutilgani va otishma boshlangan manzilga qarata javob zarbasi berganini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

«IDF faoliyati boshlanishidan avval fuqarolarni evakuatsiya qilish haqida ogohlantirgan va mintaqada faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan aloqada bo‘lgan», dedi IDF o‘z bayonotida JSSTni tilga olmasdan.

Shuningdek, Isroil tomoni bir nechta shaxs «terrorchilikda ishtirok etganlikda gumon qilinib» qo‘lga olingani va keyin qo‘yib yuborilganini tasdiqladi.

Xalqaro tashkilotlarning noroziligi

BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarikning aytishicha, «BMT binolarining joylashuvi barcha tomonlarga oldindan ma’lum qilingan bo‘lishiga qaramay, ikki mehmonxona nishonga olingan». U bu joylar — «evakuatsiya buyruqlariga qaramay, himoya qilinishi shart» ekanini ta’kidladi.

BMT rasmiylari Isroil o‘z ixtiyorida mavjud barcha vositalar orqali insonparvar tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni o‘tkazib yuborish va ta’minlash majburiyatiga ega ekanini eslatmoqda. Lekin Isroil bu chaqiriqlarga javob bermay keladi.

BMTning Humanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) ma’lum qilishicha, G‘azodagi mahalliy rahbar Jonatan Uittal Deir al-Balahda qolishga qaror qilgan. Isroil esa uni «tarafkashlik»da ayblab, vizasini avgustdan so‘ng yangilamasligini bildirgan.

Jonatan Uittal / Foto: UN OCHA

«Bu yerda o‘lim sharoitlari hukm surmoqda. Bu o‘lim va azob-uqubatlarning oldi olinishi mumkin edi. Agar ularni to‘xtatish mumkin bo‘lsa. Ammo baribir sodir bo‘layotgan bo‘lsa, demak bu atayin amalga oshirilmoqda, deganidir», deya post qoldirgan Jonatan Uittal.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi – UNRWA ham X'da bergan bayonotida, G‘azodan, hatto o‘z xodimlaridan ham, ochlikdan ogohlantiruvchi umidsiz xabarlar kelayotganini bildirgan. U yerda oziq-ovqat narxlari keskin oshib ketgan.

«Bu orada, G‘azo tashqarisida joylashgan omborlarda butun aholiga uch oylik oziq-ovqat yetarli hajmda zaxira qilinib turibdi. Qamalni tugating, yordamni xavfsiz va ommaviy tarzda kiriting», deyiladi UNRWA bayonotida.

Foto: Anadolu

Dushanba kuni yigirmadan ortiq g‘arbiy davlat G‘azodagi urushni darhol to‘xtatishga chaqirib, u yerdagi azob-uqubatlar «misli ko‘rilmagan darajaga yetganini» bildirdi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa bu bayonotni qoralab, «xalqaro bosim ularga emas, aynan HAMASga qaratilishi kerak»ligini aytdi. AQSh elchisi Mayk Xakabi esa bu qo‘shma murojaatni «jirkanch» deb atadi.

Mavzuga oid