O‘zbekiston | 22:01 / 24.07.2025
8709
10 daqiqa o‘qiladi

«Oq oltin» balosi: O‘zbekistonda paxta qulligi tarixi, oqibatlar va bugungi kun haqida

Sobiq sovetlar davrida O‘zbekiston tom ma’noda paxta plantatsiyasiga aylantirilgandi. Bu davr oqibatlari mustaqillikdan keyingi o‘n yilliklarga ham ta’sir qildi. Kun.uz hamkorligida tayyorlangan hujjatli filmda taniqli ekspertlar O‘zbekiston qachon va qanday qilib paxta yetishtiruvchi mamlakatga aylanib qolgani, o‘zbeklar paxta tufayli qanday azob-uqubatlarga duchor bo‘lgani, paxtachilik mamlakat xo‘jaligi va genofondida qanday asoratlar qoldirgani haqidagi savollar yuzasidan fikrlarini bildirishgan.

Shuningdek, mustaqillik yillarida vaziyat qanday o‘zgarib borgani va prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan ilk yillarda bu muammoga qanday chek qo‘ygani eslab o‘tilgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Paxta uyimizni kuydirdi...»

1980 yilda SSSRda yetishtirilgan paxta hosilining 30,1 foizi, 1987 yilda 31,3 foizi eksport qilinadi. SSSR 1976 va 1986 yillarda paxta tolasi eksporti hajmiga ko‘ra dunyoda mutlaq yetakchi bo‘ladi. Shuning 60 foizini O‘zbekiston ta’minlab bergan.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

«19-asrning ikkinchi choragida Rossiya imperiyasi paxtani asosan Qo‘shma Shtatlardan sotib olardi. Ammo bir qancha sabablarga ko‘ra Amerikadan kelayotgan paxta tannarxi qimmatlashib ketadi, qolaversa, transport logistikasi yo‘llari beqaror bo‘lib qoladi.

Natijada Chor Rossiyasi O‘zbekiston hududida paxta yetishtira boshlaydi. Ayniqsa, Farg‘ona ekish keng yo‘lga qo‘yiladi, Amerikadan paxta sotib olish to‘xtatiladi»

Baxtiyor Abdug‘afur, biologiya fanlari doktori:

«Turkistonda, xususan, O‘zbekiston hududlarida 20-asr boshlaridayoq paxta yetishtirish bilan shug‘ullanilgandi. Farg‘ona vodiysida rus, yahudiy va musulmon savdogarlari hamda tadbirkorlari paxta yetishni asosiy kasb faoliyatiga aylantirishgan. Paxta an’anaviy sug‘oriladigan maydonlarda yetishtirilgan.

Sho‘rolar davrida esa butun O‘zbekiston hududini ulkan paxta xomashyo bazasiga aylantirish siyosati boshlanadi»

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

«Sovetlar boshqaruvidagi dastlabki o‘ttiz yillikda paxta yetishtirish hali ekstraktiv sovet siyosatining uzviy qismiga aylanib ulgurmagandi. Asosiy muammolar urushdan keyingi yillarda paxta yetishtirishni karrasiga oshirish vazifasi qo‘yilganidan keyin, paxta yetishtirish bilan bog‘liq kampaniya siyosiy mafkura kampaniyasiga aylanganidan keyin boshlangan»

Baxtiyor Abdug‘afur, biologiya fanlari doktori:

«Paxta hosildorligini oshirish kun tartibiga chiqdi. Qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘itlarni intensiv ravishda, haddan tashqari ko‘p miqdorda qo‘llashga o‘tildi. Bu jarayon ayniqsa 70-80 yillarda avjiga chiqdi.

Agroximikatlarni odam yoki jonivorlar yashamaydigan joylarda qo‘llash tavsiya etiladi. Lekin ishchi kuchi, texnika yetishmasligi tufayli «kukuruznik»larda dalada ishlayotgan terimchilar, suvchilar, shiyponda yashayotgan bolalar ustidan sepib ketavergan»

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

«Har ikki-uch qishloq o‘rtasida samolyotlar aerodromi bor edi. Samolyotlar orqali paxta bargini to‘kish uchun avgust oyida dori sepilardi.

Aholi salomatligi mutlaqo inkor qilinardi. Turli kasalliklarga chalinish ittifoqdosh respublikalarga nisbatan O‘zbekiston SSRda ko‘p bo‘lgan»

Ta’lim

O‘rozboy Abdurahmonov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi:

«Paxtani Ukrainadayam ektirib ko‘rishgan. Lekin xalq qabul qilmagan. Bizda-chi? Hamma, bolalar ham paxta terimida yurardi. Dekabrgacha ketardik»

Dilorom Karimova, O‘zbekiston xalq artisti:

«Dekabr oyigacha, kun sovuq, hamma yoq muzlagan, talabalar kelmasdi. Sentyabrdan dekabrgacha talabalarga o‘qish yo‘q edi. Mana paxta qanaqa terilardi. Umuman o‘quv muassasalari ishlamasdi.

Bu yerda bolalar mehnati, talabalar mehnati, o‘qishlardan qolish, orada bo‘ladigan falokatlar, yomg‘irda, qorda muzlagan chanoqlardan paxtani terish - bu narsalar umuman aytilmasdi, ko‘rsatilmasdi. Vatanni asrash uchun jangchi o‘qqa qarshi ko‘kragini kerib chiqqan bo‘lsa, endi barcha paxta uchun safarbar qilingandi»

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos

«Paxta yetishtirishning asosiy siyosiy maqsadi - o‘zbek milliy zehniyatini sindirish, qullashtirish, bo‘ysundirish, mehnatkash, itoatgo‘y xalq sifatida shakllantirish ramzi sifatida ko‘rilishi kerak»

Paxta ishi

Dilorom Karimova, O‘zbekiston xalq artisti:

«Paxta ishi degan dahshatli voqea boshlandi. Juda ko‘p odamlar paxta ishida qamalib ketdi, uylari vayron bo‘ldi, qancha odam o‘lib ketdi...

Xotinlar azobdan o‘zini yoqish darajasiga boradi. Bu paxta shunday baloyi azim kasalliklarni olib keladi, ustidan sepilgan dorilar tufayli bolalar kasallanib o‘sadi. Millat sekin-asta g‘arotga uchray boshlaydi»

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

«Paxta ishi ayni vaqtda o‘zbek ishi deyilardi. O‘zbek xalqiga bular korrupsioner, sovet xalqidagi eng katta jinoyatchilar, bular o‘zbeklar degan tamg‘a bosilgandi. Aslida sovet ittifoqining barcha respublikalarida korrupsiya misli ko‘rilmagan darajada kuchaygandi.

O‘sha korrupsiyaga qarshi kurashish bahonasida aynan o‘zbeklar va O‘zbekiston SSR qurbon qilinadi. Sharof Rashidov qurbon qilinadi, butun O‘zbekiston elitasi jazoga tortiladi»

Orol fojiasi

O‘tgan asr o‘rtalariga qadar dunyodagi eng yirik ko‘l bo‘lgan Orol dengizi SSSRdagi paxta siyosati tufayli qurigan.

O‘rozboy Abdurahmonov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi:

«50-60 yillar intensiv sug‘orish Orolning boshiga yetgan. Paxta boshiga yetgan Orolning.

Fanlar akademiyasi akademigi Og‘ajon Keldiyevich Boboyevich Orolni quritib, paxta ekish kerak degan taklif bilan chiqqandi. Orolni quritgan paxta».

Baxtiyor Abdug‘afur, biologiya fanlari doktori:

«Fanga ko‘ra paxtani almashtirib ekish talab etiladi. Bir xil o‘simlik ekilishi tuproqning unumdorligini yomonlashtiradi. Ammo shunday ilmiy haqiqatlarni rad etgan holda, qayta-qayta paxta ekilaverdi, maydonlar kengayib boraverdi, bu esa o‘z-o‘zidan sug‘orishga ehtiyojni oshirdi, Sirdaryo va Amudaryodan qo‘shimcha suv resurslarini olish kun tartibiga chiqdi. Bu esa bugungi kundagi ekologik oqibatlar sababi»

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

«Shunday munosabat shakllandiki, paxta odamdan ham qimmat, paxta elektrdan ham qimmat, paxta suvdan ham qimmat. Bu iyerarxiyada esa eng arzoni sifatida suv tanlandi»

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

«60-yillarda sovet olimlari paxta ekish hajmini oshirish O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan ekologik fojia yuz berishini juda yaxshi anglab turardi. Ular Mirzacho‘lni o‘zlashtirish, Qoraqum va Qizilqumni o‘zlashtirish uchun Sirdaryo va Amudaryo suvlari tortib olinishi natijasida Orolga suv bormasligini juda yaxshi bilishgan. Sovet rahbariyatini Orol dengizi, O‘zbekistondagi ekologik vaziyat, insonlar taqdiri mutlaq qiziqtirmagan».

1980-yillarda Sibir daryolari irmoqlarining bir qismini Orol dengizi tomon burish yuzasidan katta hajmdagi ishlar boshlanadi. Katta va’dalar beriladi. Biroq 1985 yilda KPSS Markaziy komiteti va SSSR Ministrlar soveti Sibir daryolari irmoqlarini Orol dengizi tomonga burishga doir loyihalarni davom ettirish maqsadga muvofiq emas degan qarorga keladi.

Mustaqillik yillaridagi vaziyat

Dilorom Karimova, O‘zbekiston xalq artisti:

«Mustaqil davlat bo‘lib paxta hukmidan qutuldikmi degan savol bo‘ladi. Yo‘q.

O‘sha-o‘sha bolalar mehnatidan foydalanish davom etdi. Talabalarni paxtaga chiqarish davom etdi. O‘qituvchilar mehnatidan foydalanish davom etdi»

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

«2000-yillardan 2016 yilgacha paxtaning iqtisodiyotdagi ulushi kamayib borayotganiga qaramasdan, paxta siyosiy hokimiyatni yanada mustahkamlash, nomenklaturaning jamiyat ustidan nazoratini pasaytirmaslik yo‘lidagi asosiy vositalardan bo‘lgan. Paxta vositasida sentabrdan dekabrgacha barcha jarayonlarni to‘xtatib qo‘yish imkoniyati bo‘lgan. Har qanday fermerning yerini paxta siyosati bahonasida tortib olish mumkin bo‘lgan. Har qanday talaba paxtaga bog‘langan holatda universitetdan chetlatish mumkin bo‘lgan. Istalgan bankir, istalgan moliyachi yoki istalgan soliqchining ishini paxta vositasida boshqacha talqin qilish mumkin bo‘lgan. Paxta jamiyatning barcha qatlamlari ustidan total hukmronlik o‘rnatish imkonini bergan».

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

«Sovet ittifoqi davrida maktablar va oliy ta’limda majburiy mehnatdan foydalanilardi. Bu mustaqillik davrida ham davom etdi. Biz yoshlarimizga ta’lim bermadik, aksincha, ularni arzon yoki bepul ishchi kuchi sifatida ishlatishda davom etdik».

O‘zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan paxta yetishtirishga davlat siyosati darajasida qarashga ham barham berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining ilk yillarida boshqa masalalar qatori majburiy mehnatga qarshi faol kurash olib borildi, o‘qituvchilar, shifokorlar va talabalar turli dala ishlariga safarbar qilinishiga chek qo‘yildi. Xususan, 2017 yil sentabrida O‘zbekiston hukumati yig‘ilishida paxtaga jalb qilingan talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini ortga qaytarish bo‘yicha topshiriq berildi. Shundan keyingi yillarda bunday safarbarlik holatlari boshqa kuzatilmadi.

Mavzuga oid