Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya va Ukrainaning Istanbuldagi uchinchi muzokaralari yakunlandi
Uchrashuv bir soatdan kamroq davom etdi.

Foto: TASS
Turkiyaning Istanbul shahrida 23 iyul kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining muzokaralari o‘tkazildi, deb yozdi TASS.
Muzokaralar boshlangani haqida Toshkent vaqti bilan soat 22:38 da xabar berildi, ular 23:16 da yakunlandi. Shunday qilib, muzokaralar bir soatdan kamroq davom etdi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidanning qisqa kirish so‘zidan so‘ng, ular yopiq rejimda o‘tdi.
TASS manbasiga ko‘ra, muzokaralarning uchinchi raundi davom ettirilmaydi. Tomonlar harbiylar va fuqarolarni almashish bo‘yicha kelishib olgan, biroq tafsilotlar ma’lum emas.
Ukraina tomoni Rossiyaga avgust oyi oxirigacha Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Donald Tramp ishtirokida yetakchilar uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi, deb xabar berdi Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov.
«Ukraina samarali diplomatiyaning zarur asosi sifatida o‘t ochishni to‘liq va so‘zsiz to‘xtatishni talab qilishda davom etmoqda», dedi Umerov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘t ochishni to‘xtatishga va tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyor.
«Biz o‘t ochishni to‘xtatish haqiqiy bo‘lishi kerakligini ta’kidlaymiz. U fuqarolik obektlari va muhim infratuzilma obektlariga zarba berishni to‘liq to‘xtatishni o‘z ichiga olishi kerak», deb qo‘shimcha qildi u.
Muzokaralar davomida Ukraina gumanitar yo‘nalishga ham e’tibor qaratgan. Kiyev nafaqat harbiy asirlarni, balki tinch aholini, jumladan, bolalarni ozod qilishda ham oldinga siljish bo‘lishini kutmoqda.
Avvalroq, Rossiya va Ukraina ikki marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazgan edi. 16 may kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv asirlarni almashish (1000 ga 1000) va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha takliflar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlar bilan yakunlandi. Muzokaralarning ikkinchi raundi 2 iyun kuni o‘tkazildi, unda memorandumlar almashinuvi va harbiy asirlar almashinuvi bo‘yicha yangi kelishuvga erishildi.
Mavzuga oid

08:00
Internetdagi qidiruv uchun jarima: Duma yaqinida namoyishchilar ushlandi

22:56 / 23.07.2025
Migrantlarni Rossiyaga kirishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va emlash taklif etildi

16:02 / 23.07.2025
Frontdagi vaziyat: Rossiya piyodalari Pokrovskka kira boshladi

15:25 / 23.07.2025