Jahon | 23:20 / 03.08.2025
467
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp "offshor shamol energetikasi"ni rivojlantirish dasturini to‘xtatdi 

Tramp bir necha bor qayta tiklanadigan energiya manbalarini "ko‘p xarajat talab qiladigan" va "samarasiz" deb atagan.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp “offshor shamol energetikasi” bilan bog‘liq loyihalar ustida ishlashni to‘xtatishni buyurdi. 

Okean energetikasini boshqarish byurosi (BOEM) Texas, Luiziana, Men, Nyu-York, Kaliforniya, Oregon sohillari va Atlantika okeanining markaziy qismida turbinalar qurish uchun 1,42 million gektar yer ajratish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi. 

O‘tgan yili sobiq prezident Jo Bayden shamol energetikasini rivojlantirish uchun federal yerlarni ijaraga berish bo‘yicha besh yillik jadvalni e’lon qilgandi. Ammo Tramp hokimiyat tepasiga kelgach, uning qarorlarini birin-ketin bekor qila boshladi. 

Chorshanba kuni AQSh ichki ishlar vaziri Dug Burgum ishonchsiz deb topilgan shamol va quyosh elektr stansiyalari uchun imtiyozli rejim bekor qilinganini e’lon qildi. 

Tramp Shotlandiyaga tashrifi chog‘ida shamol turbinalarini "badbashara maxluqlar" deb atadi hamda Britaniya yetakchisi Kir Starmerni Shimoliy dengizda neft va gaz qazib olishni rag‘batlantirishga chaqirdi. 

Undan avval esa Oq uy xo‘jayini Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen bilan suhbati vaqtida shamol energetikasini “ish bermaydigan firibgarlik” deb atadi.

Mavzuga oid