Jahon | 19:43 / 27.05.2025
4994
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi kimyoviy zavodda portlash sodir bo‘ldi

Portlash oqibatida «ulkan olovli shar paydo bo‘lib, havoga tutun ustunlari ko‘tarildi». Ushbu zavod xlorpirifosning dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Foto: AP

Xitoyning Shandun provinsiyasida joylashgan kimyoviy zavodda portlash yuz berdi, deb yozmoqda South China Morning Post. Portlash oqibatida «ulkan olovli shar paydo bo‘lib, havoga tutun ustunlari ko‘tarilgan».

Xitoy markaziy televideniyesi ham sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risida xabar berib, qutqaruv va tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Qancha odam jarohat olgani va portlashga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.

Portlash 27 may kuni tushga yaqin Gaomi shahar u’yezdidagi Shandong Youdao Chemical kompaniyasi obektida sodir bo‘lgan. Mahalliy aholining aytishicha, portlash oqibatida ko‘plab uylarning derazalari singan.

Shandong Youdao Chemical kompaniyasiga 2019 yilda asos solingan, u pestitsidlar, farmatsevtika dori vositalari va boshqa kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Hozirda u yerda 300 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Shandong Youdao Chemical — xlorpirifos pestitsidining dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Mavzuga oid