SSSRning so‘nggi rahbari: siyosatni odob-axloq bilan bog‘lagan Gorbachyov
Salkam 70 yil dunyoning ikkinchi qutbi bo‘lib kelgan SSSRning parchalanishi – XX asr dunyo tarixidagi eng katta voqealardan biri. O‘n yillar davomida yetilib kelgan muammolar tufayli qulashi muqarrar bo‘lib qolgan imperiyaning qon to‘kishlarsiz, tinch tarzda tarqalishiga yo‘l qo‘yib bergan shaxs – mamlakatning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov edi.

Umuman olganda, zo‘ravonlik va inson erkini cheklashga qaratilgan totalitar tartib hukmronlik qilgan davlatlarning hech biri uzoq yashamagan. SSSR ham bundan mustasno bo‘lmadi. Kun.uz “Tarixdan hikoyalar” ruknida bu gal SSSRning qulashi bilan doim birga yodga olinadigan shaxs – sovet ittifoqining birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov hamda zulm imperiyasining parchalanish sabablari haqida hikoya qiladi.
KGB rahbarining “ishonchli odami”
Mixail Sergeyevich Gorbachyov 1931 yilda Stavropol o‘lkasida tug‘ilgan. Otasi mashina-traktor stansiyasida ishlagan, onasi esa kolxoz ishchisi edi.
Uning oilasi ham Stalinning “Katta terrori”dan chetda qolmagan: ona tomonidan bobosi 1937 yilda trotskizm uchun hibsga olingan. Ammo ayblov shunchalik nohaq bo‘lganki, bir yil o‘tib uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishadi. Keyinchalik, Gorbachyov bobosi bilan sodir bo‘lgan bu voqea sovet tuzumiga bo‘lgan qarashlari o‘zgarishiga ta’sir qilganini aytgan.
Yosh Mixail maktab davrida kombaynchining yordamchisi bo‘lib ishlagan. Uni 18 yoshida “Mehnat” qizil bayroq ordeni bilan ham taqdirlashadi.
1950 yilda Gorbachyov Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetiga huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiradi, 1952 yilda esa Kommunistik partiyaga a’zo bo‘ladi. Yuridik fakultetni tamomlaganidan keyin biroz vaqt Stavropol o‘lkasi prokuraturasida ishlaydi, keyin mahalliy komsomol tashkilotlariga o‘tadi va u yerda o‘z karerasini qurishni boshlaydi. 1962 yilga kelib o‘lka komsomoli rahbariga aylanadi.

Partiya iyerarxiyasida izchillik bilan yuqorilab, 1966 yilda 35 yoshli Gorbachyov KPSSning Stavropol o‘lkasi qo‘mitasi birinchi kotibi bo‘ladi, 1971 yildan esa Markaziy qo‘mita a’zosiga aylanadi.
Stavropol o‘lkasi hududida Kavkaz mineral suvlari sanatoriyasi joylashgandi va bu yerga siyosiy byuroning keksaygan a’zolari sog‘ligini tiklash uchun tez-tez kelib turishardi. Moskvadan keladigan hurmatli mehmonlarni kutib olish va ularga qulayliklar yaratish davomida Mixail zarur aloqalar o‘rnatadi. Gorbachyov shaxsan KGBning qudratli rahbari Yuriy Andropovning ishonchi va ko‘magini his qilib turganini qayd etgan.
SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti
1978 yilning 19 sentabri Mixail Gorbachyov hayotida burilish nuqtasi bo‘ldi. Aynan shu kuni Stavropoldagi sanatoriyada SSSRning 4 rahbari: Leonid Brejnev, Konstantin Chernenko, Yuriy Andropov va Mixail Gorbachyov birinchi marta bitta joyda uchrashishdi. Xabarlarga ko‘ra, aynan o‘shanda Andropov kafilligida Gorbachyovni poytaxtga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqiladi.

1978 yilning noyabrida Mixail Markaziy qo‘mitaning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kotibi etib tayinlanadi. 1980 yil oktyabrida esa siyosiy byuro a’zosiga aylanadi, o‘shanda u 49 yoshda edi.
Ma’lumot uchun, SSSR siyosiy byurosi (Politbyuro) – davlat va partiya hokimiyati markazi, ya’ni mamlakatni boshqaruvchi asosiy qaror qabul qiluvchi organ edi. A’zolari soni 12-15 kishidan iborat byuro kollegial ravishda, Kommunistik partiya orqali SSSRni boshqargan.
1982 yilda Brejnev vafot etgach, qisqa vaqt ichida yana ikki rahbar almashdi. Dastlab Andropov 15 oy, keyin Chernenko 13 oy mamlakatni boshqardi. Ularning har ikkisi ham og‘ir kasal edi.
1985 yilda Gorbachyov o‘tmishdoshlariga nisbatan ancha navqiron bo‘lgan payti – 54 yoshidan KPSSning bosh kotibi lavozimini egalladi. Uning siyosati tarixga “qayta qurish” nomi bilan kirdi va vaziyatni o‘nglash uchun bir qator islohotlar o‘tkazishga urindi.
Gorbachyov mart oyida oliy hokimiyatga kelgan bo‘lsa, aprel oyidayoq mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirish dasturini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 15 yil ichida (1985–2000) SSSRning iqtisodiy qudrati 2 baravar ortishi, ya’ni sovet davlati yashab kelayotgan 63 yil davomida erishilgan darajaga teng iqtisodiy qudrat yaratilishi kerak edi. Lekin jadallashtirish dasturi ham KPSS va sovet davlati rahbariyatining yana bir xomxayol orzusi bo‘lib chiqdi. Chunki iqtisodiyotda bozor munosabatlarisiz bu vazifalarni amalga oshirib bo‘lmasdi.
O‘tmishdoshlaridan farqli o‘laroq, Gorbachyov tez-tez rafiqasi bilan jamoat joylarida ko‘rinish bera boshlaydi. Bu unga G‘arbda o‘zgacha imij shakllantirish imkonini beradi. Uning tayyorlab qo‘yilgan matn va «qog‘ozchasiz» nutq so‘zlash tarzi – sovet odamlarida katta taassurot qoldiradi.

O‘sha yillarning ramzlaridan biri – davlat va jamiyatning ko‘proq ochiq bo‘lishiga qaratilgan oshkoralik siyosati edi. Mamlakatda chet el radiostansiyalari signallarini to‘sib qo‘yish to‘xtatildi.
Sovet odamlari ko‘p vaqt davomida ulardan xunuk haqiqatlarni yashirib kelganini anglay boshlashadi: Stalin qatag‘onlari ko‘lami, Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy protokollari, siyosiy nomenklaturaning shohona hayot tarzi, Afg‘onistondagi yo‘qotishlar hamda armiyadagi «boshboshdoqliklar».
Mamlakatni oziq-ovqat mahsulotlari va xo‘jalik buyumlari bilan ta’minlashdagi uzilishlar yanada kuchayadi. Oshkoralik sharoitida norozilik kayfiyati ochiqchasiga keng namoyon bo‘la boshlaydi.
1990 yilda KPSS gegemonligiga chek qo‘yilib, unga muxolif bo‘lgan partiyalar tuzishga ham ruxsat berildi. Ko‘ppartiyaviylik reallikka aylanib ulgurdi. Ularning ayrimlari KPSS bilan raqobatlasha boshladi va mamlakatdagi siyosiy holat murakkablashuviga sabab bo‘layotgan sotsialistik tuzumni, KPSSning davlat hokimiyatiga bo‘lgan monopol huquqini inkor etish kuchaydi.
Odatda zerikarli bo‘lgan davlat televideniyesi qurultoy majlisini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzata boshlaganida ulkan ittifoqning millionlab aholisi ekranlardan ko‘zini uza olmay qoladi.
Qayta qurish davrida SSSRda budjet taqchilligi keskin oshib ketadi. Bunga qator omillar, jumladan, ishlab chiqarish hajmining pasayishi, mudofaa xarajatlarining oshishi kabilar sabab bo‘lgan. Xususan, ayrim manbalarda 1991 yilga kelib davlat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 30 foiziga yetgani keltiriladi. Davlatning oltin zaxirasi 6 yilda 10 baravar kamaydi va u atigi 240 tonnaga tushib qoladi. Aholining turmush darajasi shiddat bilan pasaya boshlaydi. Shunday sharoitda Gorbachyov “insonparvar, demokratik sotsializm” qurilishini e’lon qiladi. Biroq endi uning gaplariga deyarli hech kim ishonmay qo‘ygandi.
Gorbachyov iqtisodiyotda qabul qilinayotgan chora-tadbirlar uchun keskin tanqid qilina boshlanadi. Ichkilikbozlikka qarshi kurash bo‘yicha siyosat ham fuqarolar noroziligiga sabab bo‘ladi.
Gorbachyovning tashqi siyosati
Gorbachyov hukumati 80-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab qurollanish poygasining yangi bosqichiga mamlakat iqtisodiyoti bardosh bera olmasligini anglab yetdi. Shuning uchun tashqi siyosat yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritiladi. 1985 yilda Gorbachyov SSSRning kollektiv xavfsizlik tamoyillari tarafdori ekanini va xalqlarning taraqqiyot yo‘lini tanlashda suveren huquqlarini hurmat qilishini e’lon qiladi.

Tashqi siyosatdagi bu o‘zgarish “yangi siyosiy tafakkur” iborasida o‘z ifodasini topdi. Bu borada tezda amaliy ishga ham o‘tildi. 1985–1988 yillar oralig‘ida 4 marta oliy darajada Sovet–Amerika uchrashuvi o‘tkaziladi. 1987 yilda SSSR va AQSh o‘rtasida o‘rta va qisqa masofalarga uchadigan yadroviy raketalarni tugatish to‘g‘risida shartnoma imzolandi. 1989 yilda SSSR Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketdi. Shu yili Gorbachyovning Xitoyga safari uyushtirildi, buning natijasida Sovet–Xitoy munosabatlari iliqlashdi.
SSSR tashqi siyosatida ro‘y berayotgan chuqur o‘zgarishlar 1989 yilda kommunistik lagerga kirgan Sharqiy Yevropa davlatlarida ro‘y bergan inqiloblar tufayli jiddiy sinovdan o‘tdi. Sovet hukumati bu inqiloblarni bostirishga harakat qilmadi. SSSR hatto 1990 yilning 3 oktyabrida ikki nemis davlatining birlashishiga ham to‘sqinlik qilmadi. Aksincha, Germaniya birlashgandan so‘ng 1990 yilning 9 noyabrida SSSR va GFR o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. SSSR Sharqiy Yevropadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib keta boshladi. 1990 yilda Mixail Gorbachyov xalqaro maydonda tinchlik jarayonidagi roli uchun Nobel mukofotiga ham loyiq deb topiladi.

GKChP
Gorbachyov rahbarligi davrida ittifoqdosh respublikalarda milliy uyg‘onish harakatlari boshlandi. Har bir respublikada milliy til davlat tili deb e’lon qilindi. Voqealar ayniqsa 1990 yildan keyin juda tezlashib ketdi. O‘sha yili nafaqat ittifoqdosh respublikalar, balki ularning tarkibida bo‘lgan avtonom hududlarning aksariyati o‘z mustaqillik deklaratsiyasini e’lon qilgan bo‘lsa, yana bir qismi kengaytirilgan avtonomiya talabi bilan chiqdi. Shu tariqa, SSSR so‘nggi kunlarini yashayotgani aniq bo‘la boshladi.
Gorbachyov ittifoqdosh mamlakatlar xohlagan vaqtida mustaqil bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oyani olg‘a suradi, shu bilan birga, SSSRni ixtiyoriylik va demokratiya asosidagi ittifoq shaklida yangicha tashkil etishni taklif qilgandi.

1990 yilda Boltiqbo‘yi mamlakatlari – Latviya, Litva va Estoniya o‘zini SSSRdan mustaqil davlat deb e’lon qildi. Shunday vaziyatda mashhur GKChP hodisasi ro‘y berdi. Bu SSSRni saqlab qolmoqchi bo‘lganlar tomonidan uyushtirilgan davlat to‘ntarishi edi. 1991 yilning avgustiga kelib, vaziyat juda murakkablashib ketadi.
4 avgust kuni Gorbachyov Qrimga dam olish uchun ketadi va qaytib kelganidan keyin “Mustaqil Respublikalar Ittifoqi” haqidagi shartnoma imzolanishi kerak edi. Bunga chidab tura olmagan SSSR vitse-prezidenti Gennadiy Yanayev va KGB raisi Vladimir Kryuchkov rahbarligidagi guruh Gorbachyov ta’tilda ekanidan foydalanib mamlakatda favqulodda holat e’lon qilishadi. Favqulodda holat rejimida davlatni boshqarish uchun Favqulodda holat davlat qo‘mitasi (GKChP) tuziladi. Xalqqa o‘qib eshittirilgan bayonotda Mixail Gorbachyov salomatligi yomonlashgani uchun o‘z vazifasini bajara olmasligi, shu sabab mamlakatni 6 oy davomida 8 kishidan iborat kengash (GKChP) boshqarishi, yarim yildan so‘ng esa saylovlar o‘tkazilishi ma’lum qilinadi.
Mamlakat hududidagi GKChP manfaatiga xizmat qilmaydigan barcha nashrlar vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi. Ishlayotgan boshqa nashrlar ham qattiq senzuraga olinadi, kompartiyadan boshqa qolgan barcha partiyalar faoliyati cheklanadi. GKChP mamlakat nazoratini qo‘lga olishni poytaxt Moskvadan boshlaydi.
Shunday vaziyatda RSFSR prezidenti Boris Yelsin katta sahnaga chiqadi va GKChPning harakatlarini konstitutsiyaga zid deb ataydi. U sodir bo‘layotgan voqealar davlat to‘ntarishidan boshqa narsa emasligini ta’kidlaydi. Yelsinning murojaatidan keyin Moskvada 200 mingdan ortiq, Peterburgda 400 mingdan ortiq odam markaziy maydonlarga chiqib, GKChPga qarshi namoyishlarda qatnashadi. 21 avgustga o‘tar kechasi Moskvada GKChPga bo‘ysunuvchi askarlar hamda Oq uy (RSFSR Oliy Soveti va prezidentining ish binosi) himoyasidagi ko‘ngillilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ladi.

21 avgust tongida SSSR mudofaa vaziri Yazov Moskvadagi barcha qo‘shin va texnikalarni shahardan olib chiqishga buyruq beradi. Bu GKChP tugagani va amalda SSSRni saqlab qolish imkonsiz ekanini ko‘rsatardi. Shu tariqa, SSSRni saqlab qolish uchun tuzilgan GKChP 3 kun o‘tib barbod bo‘ladi.
Gorbachyovning isloh qilingan ittifoqni boshqa nom ostida saqlab qolishga bo‘lgan umidsiz urinishlari jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Ayniqsa, Ukrainaning pozitsiyasi hal qiluvchi bo‘ladi, bu yerdagi referendumda respublika aholisining 90,3 foizi to‘la suverenitet uchun ovoz beradi.
Belovej bitimi
1991 yil 8 dekabr kuni Belarus o‘rmonlarida joylashgan Belovej qarorgohida Rossiya prezidenti Boris Yelsin, Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk, Belarus Oliy Kengashi raisi Stanislav Shushkevich tomonidan SSSRni tarqatib yuborish va uning o‘rniga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tuzilmasini tuzish haqida hujjatlar imzolandi.

21 dekabr kuni Qozog‘istonning o‘sha paytdagi poytaxti Olmaota shahrida yana 8 respublika: Ozarboyjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Moldova bu bitimni imzoladi.
25 dekabr kuni esa M.S.Gorbachyov SSSR prezidenti lavozimidan iste’fo berdi. 26 dekabrda SSSR Oliy Kengashining yuqori palatasi sessiyasida SSSRning mavjudligini tugatish to‘g‘risidagi №142-sonli deklaratsiya qabul qilindi. Shu tariqa, SSSR parchalanib ketdi.
Rossiya SSSRning xalqaro tashkilotlardagi vorisi etib belgilandi va sovet ittifoqining barcha qarzlarini to‘lash hamda aktivlariga egalik qilish vakolatini oldi.
Nega SSSR parchalanib ketdi?
Ayrimlar SSSRning parchalanishiga bevosita aybdor sifatida Mixail Gorbachyov ko‘rsatadi. Ammo undan oldingi Brejnev, Andropov va Chernenkoning 20 yillik boshqaruvi davrida sovetlar ittifoqining chuqur turg‘unlikka yuz tutishi uchun zamin yaratilgandi. Ko‘plab tahlilchi va ekspertlarning fikricha, SSSRning tarqab ketishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
Iqtisodiy holat. Rejali iqtisodiyotning samarasizligi va turg‘unligi eng zarur bo‘lgan tovarlarning ham surunkali taqchilligiga olib kela boshlagan. Ishlab chiqarish hajmi, har bir fuqaroga qancha narsa kerakligi, ularning narxlari to‘liq davlat tomonidan belgilangan. Bu – real hayotda eksperiment qilib ko‘rilgan haqiqiy utopiya edi.
Bundan tashqari, 80-yillarning o‘rtalaridan boshlab arab mamlakatlarida neft qazib olish karrasiga oshiriladi. Bu esa ushbu mahsulot narxlarining jahon bozorida keskin pasayishiga olib kela boshlaydi. SSSRda esa aynan neft eksportidan keladigan daromad oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish uchun zarur bo‘lgan valuta tushumlarining asosiy manbayi bo‘lgan.
Kommunistik bloklarning qulashi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Sharqiy Yevropadagi Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya, Ruminiya, Albaniya, Bolgariya, Yugoslaviya Ittifoqi va Germaniya Demokratik Respublikasida sotsialistik tuzumlar shakllandi. 1988-1989 yillarga kelib ushbu davlatlarda ham sotsialistik tuzumga nisbatan noroziliklar pishib yetilib keldi va ular sotsializmdan voz kechib, G‘arbga yuzlandi. Buning natijasida SSSR Sharqiy Yevropadagi bir nechta ishonchli sheriklaridan ayrildi. “Dunyo bo‘ylab sotsializm va kommunizm qurish” g‘oyasi doirasida diktator va qo‘g‘irchoq pro-sovet va antiamerika rejimlarini moliyalashtirish va ularga harbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan harakatlar o‘zini oqlamadi.
Yagona mafkura hukmronligiga intilish. O‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab mamlakatda insonlarga mafkuraviy tazyiq o‘tkazish, asarlarning g‘oyaviy izchilligini ta’minlashga qaratilgan harakatlar kuchaytiriladi. Ruslardan boshqa xalqlarning milliy, etnik va diniy o‘zligini rad etish ularda tabiiy ravishda tizimga nisbatan nafratni kuchaytirgan. Gorbachyov davridagi so‘z va namoyish erkinligi ana shu nafratning yuzaga chiqishiga olib kelgan.
Sovuq urush va mablag‘larning nomutanosib tarzda sarflanishi. 1950-yillardan boshlab dunyoning yetakchi davlatlari o‘rtasida qurollanish va kosmosni o‘zlashtirish masalasida tom ma’noda poyga boshlandi. Bu poygada SSSR eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatlardan biri bo‘ldi. Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandan so‘ng G‘arb dunyosi bilan biroz iliqlashgan aloqalar yana sovuqlashdi. SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kuchaytirildi, ittifoqdan energoresurslar sotib olish to‘xtatildi. Qolaversa, Afg‘onistondagi urushning o‘ziga ham ulkan mablag‘ sarflandi.
Shuningdek, sovet siyosiy tizimining totalitar tabiatini saqlab qolish maqsadida noishlab chiqarish sohalar: davlat apparati, armiya, KGBga juda katta mablag‘lar yo‘naltirildi.
Etnik nizolarning kuchayishi. 1986 yil 16 dekabrda Olmaotada Qozog‘iston rahbari Dinmuhammad Qo‘nayev ishdan olinib, o‘rniga Ulyanovsk viloyati obkomining birinchi kotibi Gennadiy Kolbin rahbar etib tayinlanishi sabab uyushtirilgan namoyish qonga botirilgan. 1988 yil Qorabog‘da armanlar va ozarboyjonlar o‘rtasida etnik nizo vujudga kelgan. 1990 yil Farg‘ona vodiysida qrim-tatarlari bilan bog‘liq tartibsizliklar chiqqan, o‘sha yili Shimoliy Osetiyaning Prigorodniy viloyatidagi osetinlar va ingushlar o‘rtasidag qonli mojarolar yuz bergan.
Gorbachyovning keyingi hayoti
SSSR parchalanganidan keyin Mixail Gorbachyov davlat rahbari lavozimini tark etdi. 1996 yilda u Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surdi, ammo 1 foizdan kam ovoz oldi.
«Men siyosatni ilm-fan, odob-axloq, odamlar oldidagi mas’uliyat bilan uyg‘unlashtirishga intildim. Men uchun bu prinsipial masala edi. Hukmdorlarning avj olgan istaklariga, ularning zulmlariga chek qo‘yish kerak edi. Men hamma narsada muvaffaqiyatga erishmadim, lekin bu yondashuv noto‘g‘ri bo‘lgan deb o‘ylamayman. Busiz siyosat o‘zining beqiyos rolini bajara oladi deb kutish qiyin, ayniqsa, biz yangi asrga qadam qo‘ygan, keskin muammolarga duch kelayotgan bugungi kunda», – deb yozgandi Gorbachyov.
Taniqli siyosatchi 2022 yilning 31 avgust kuni, 91 yoshida Moskvada vafot etdi.
Mavzuga oid

09:30 / 11.06.2025
Rossiyaning possovet davlatlari hududidagi harbiy obektlari. Ular nima uchun tashkil etilgan?

23:21 / 22.05.2025
“Putinga yoqish uchun aytilgan gaplar” - ekspertlar Kobyakovning bayonoti haqida

17:09 / 21.05.2025
Putinning maslahatchisi SSSR huquqiy jihatdan hamon mavjud ekanini aytdi

14:22 / 09.05.2025