O‘zbekiston | 20:16 / 18.07.2025
1440
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Janubiy Koreya bojxonachilariga 6 bosh xizmat itini yetkazdi

Itlar Janubiy Koreyada iqlimga moslashish jarayonlari yakuniga yetgach, xalqaro aeroport va dengiz portlarida xizmatga safarbar qilinadi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

18 iyul kuni janubiy koreyalik bojxonachilar O‘zbekiston Milliy kinologiya markazida 6 bosh xizmat itini qabul qilib oldi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi. Qayd qilinishicha, itlar Janubiy Koreyada iqlimga moslashish jarayonlari yakuniga yetgach, xizmatga safarbar qilinadi.

Shu yilning iyun oyida koreyalik mutaxassislar Milliy kinologiya markazi bilan 6 bosh xizmat itini xarid qilish yuzasidan ikki tomonlama shartnoma imzolagan edi. Shartnoma doirasida Toshkent xalqaro aeroporti orqali itlar tegishli veterinariya diagnostika va ko‘riklardan muvaffaqiyatli o‘tkazilib, xalqaro tashish uchun zarur bo‘lgan hujjatlari rasmiylashtirilgan holda Janubiy Koreyaga jo‘natildi.

Shunday qilib, hozirga qadar Milliy kinologiya markazida yetishtirilib, giyohvandlikka qarshi kurashish yo‘nalishida tayyorlangan va Janubiy Koreyaga yuborilgan xizmat itlari soni 12 boshga yetdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida bojxona xizmatlarining kinologiya sohasidagi hamkorligi amaliy natijalarga boy bo‘lmoqda.

Jumladan, 2023-2024 yillarda Milliy kinologiya markazida tayyorlangan va Janubiy Koreya bojxona xizmatiga yuborilgan 6 bosh labrador zotiga mansub xizmat iti bugungi kunda xalqaro aeroport va dengiz portlarida xizmat qilmoqda.

Mavzuga oid