Jahon | 11:56
1730
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va NATO Ukrainaga qurol yetkazib berishning yangi mexanizmini yaratmoqda

NATO va AQSh Yevropa davlatlari hisobidan Ukrainaga harbiy yuk yetkazib berishning yangi mexanizmini ishlab chiqmoqda, deb xabar berdi Reuters. Ustuvor qurollar har biri 500 million dollarlik paketlarda yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Foto: REUTERS

AQSh va Shimoliy Atlantika alyansi Ukrainaga harbiy yuklarni moliyalashtirishning yangi mexanizmini ishlab chiqmoqda — bu haqda 1 avgust, juma kuni Amerika va Yevropa manbalariga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi. Ularga ko‘ra, NATOga a’zo bo‘lgan Yevropa davlatlari bu ta’minot uchun pul to‘laydi.

Kiyev Ukraina Qurolli kuchlari uchun eng zarur bo‘lgan qurollar ro‘yxatini tuzishi rejalashtirilgan — Priority Ukraine Requiremens List (PURL). Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Ukrainaga ushbu ro‘yxatdagi qurollarni yetkazib beradi, ularni o‘z zaxiralaridan oladi yoki AQShdan sotib oladi. Bu jarayonni NATO bosh kotibi Mark Ryutte muvofiqlashtiradi.

Yetkazib berishlar har biri taxminan 500 million dollar turadigan paketlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yevropa rasmiysining Reuters agentligiga aytishicha, jami NATO ittifoqchilari shu yo‘l bilan Ukrainaga 10 milliard dollarlik qurol yetkazib berishni kutmoqda. Agentlik suhbatdoshi buni qancha muddatda amalga oshirish rejalashtirilganiga aniqlik kiritmadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 10 iyul kuni Qo‘shma Shtatlar NATO qurollarini sotishini, so‘ngra alyans uni Ukrainaga yetkazib berishini aytdi. Oq uy rahbari o‘shanda bu sxema tafsilotlarini oshkor qilmagan.

Mavzuga oid