Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda o‘qituvchilar maktabni ta’mirlashga chiqarildi
Marhamat tumanidagi 42-maktabda devor oqlashga jalb etilgan o‘nlab o‘qituvchilar ta’tilda bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh ayollar maktabda ta’mirlash ishlari bilan band ekani aks etgan videolar tarqaldi. Ular maktab xonalari va zallaridagi devor hamda shiftlarni tozalash va oqlash bilan shug‘ullanishgan.
Videolardan birining muallifi ular matematika, ingliz tili, rus tili, mehnat va boshqa fanlardan dars beruvchi o‘qituvchilar ekanini aytadi. Ular mehnat ta’tilida bo‘lganiga qaramay, maktabda «hashar»ga chaqirilgan.
Bu ayollar Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari ekani ma’lum bo‘ldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur video yuzasidan munosabat bildirib, holat qat’iy nazoratga olingani hamda atroflicha o‘rganib chiqilayotganini ma’lum qildi.
«Aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunida pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, ularni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan yuqoridagi holatga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rilishi ta’minlanadi», – deyiladi bayonotda.
Shuningdek, bitta maktabdagi holatni umumiy vaziyat sifatida baholamaslik so‘ralgan.
Holatga Andijon viloyati hokimligi ham munosabat bildirib, masala o‘qituvchilarning qadr-qimmati bilan bog‘liqligi sababli, mazkur holat viloyat hokimi tomonidan alohida nazoratga olinganini ma’lum qildi.
«Viloyat hokimligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, xolis va atroflicha o‘rganish ishlari boshlangan. Ushbu holat hozirda o‘rganishda bo‘lgani sabab, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, bloger hamda OAV vakillaridan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz», – deyiladi hokimlik xabarida.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etilishi va holatga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga qat’iy choralar ko‘rilishi qayd etilgan.
«Viloyat hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning asosiy vazifasi – ta’lim berish, tarbiyalash va kelajak avlodni shakllantirishdan iboratligi yuzasidan bildirilgan fikrlarni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘qituvchilarni ta’limdan tashqari ishlarga jalb qilishni mutlaqo noqonuniy hisoblanishini bildiradi», deyiladi hokimlik munosabatida.
Mavzuga oid

12:29 / 29.07.2025
Buloqboshi tumanidagi kanalga neft oqib ketdi

22:40 / 26.07.2025
iPhone va avtosug‘urtada yangi narxlar, Navoiyda qalin smog - hafta dayjesti

14:48 / 26.07.2025
Xonoboddagi festivalga sarflanayotgan milliardlar: Viloyat hokimligi izoh berdi, Antikorrupsiya agentligi o‘rganish o‘tkazadi

10:28 / 23.07.2025