Jahon | 00:16 / 07.10.2016
61839
3 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirovning deputat amakivachchasi Fyodor Yemelyanenkoga tahdid qildi

Foto: crimerussia.ru

Checheniston respublikasidan Rossiya davlat dumasida deputatlik qiluvchi va Ramzon Qodirovning amakivachchasi bo‘lgan Adam Delimxanov aralash yakkakurash bo‘yicha sobiq jahon chempioni va Rossiya aralash yakkakurashlar ittifoqi prezidenti Fyodor Yemelyanenkoning Grozniyda bo‘lib o‘tgan MMA bo‘yicha Grand Prix Akhmat-2016 musobaqasi haqidagi tanqidiy so‘zlarini Qodirovlar oilasiga bildirilgan haqorat deb qabul qildi. Bu musobaqada Ramzon Qodirovning uch nafar o‘g‘li ham qatnashgan. Shu sababli Delimxanov Yemelyanenkoni "erkakchasiga gaplashib olishga" chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, Yemelyanenko musobaqada bolalarning ringda katta yoshli jangchilarga o‘rnatilgan qoidalarga ko‘ra jang qilishi hamda unga 12 yoshdan kichik bolalar qo‘yilganini tanqid ostiga olgandi.

"Fedya o‘sib kelayotgan avlodni munosib tarbiyalash zarurligini aytmoqda, biroq nima uchun ayollarni urib, nomusiga tekkan giyohvand ukani tarbiyalaganiga tushuntirish bermaydi? Biz o‘zimiz kerak deb hisoblagan janglarni qonun-qoidalarni buzmagan holda o‘tkazganmiz, o‘tkazmoqdamiz va hamisha o‘tkazamiz. Fedyaga esa avval Rossiya qonunlarini yaxshilab o‘rganib olishni, sport axloqi, burch va qadr-qimmat tushunchalari bilan tanishib chiqishni maslahat beraman", deb aytgan Delimxanov.

Delimxanov Yemelyanenkoni qo‘rqoqlikda ayblab, Ramzon Qodirov o‘g‘illari haqidagi so‘zlari uchun javob berishga chaqirdi: "Fedya, bizning telefon suhbatimizni yaxshilab eslab qol. Sen go‘shakni tashlab, erkaklarcha gaplashishga botina olmading – bu sening qo‘rqoqligingni ko‘rsatadi. So‘zimning oxirida aytmoqchiman, kim bo‘lmasin, mening jiyanlarim borasida aytgan har bir so‘ziga javob berishiga to‘g‘ri keladi", deb qo‘shimcha qilgan Delimxanov.

Fedor Yemelyanenko Ramzon Qodirovning 40 yoshligiga bag‘ishlangan MMA bo‘yicha Ahmad Qodirov nomidagi o‘smirlar musobaqasidagi ba'zi holatlarni keskin tanqid ostiga olgandi.

 

Mavzuga oid