Jahon | 11:05 / 27.07.2020
14378
14 daqiqa o‘qiladi

Xabarovskdagi boshi berk ko‘cha: hokimiyat bilan muzokara platsdarmi paydo bo‘lgandek, lekin unga chiqadigan odam yo‘q

Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasidagi mojarodan chiqish yo‘lini hokimiyat ham, namoyishchilarning o‘zlari ham ko‘rsatolmayapti, deb yozadi Mixail Shevchuk.

Shaharliklar Xabarovsk o‘lkasi gubernatori vazifasini bajarayotgan Mixail Degtyaryovga qarshi, ular hibcga olingan sobiq gubernator Sergey Furgalni qo‘llab-quvvatlashmoqda.
Foto: Dmitriy Morgulis / TASS

Rossiya Tergov qo‘mitasi tergovchilari FXX bilan birgalikda Sergey Furgalni qo‘lga olishganidan so‘ng Xabarovsk xalqining federal markazga tabiiy ravishda paydo bo‘lgan ochiqdan ochiq qarshiligi yilning eng diqqattortar siyosiy voqeasiga aylandi. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ovoz berish ham ikkinchi planga chekindi — bu yerdagi natija va ehtimolli e'tirozlar ham oldindan ma'lum edi, biroq Xabarovkdagi «isyon» tobora qizimoqda va uning nima bilan tugashi ham noma'lum.

Bunday to‘qnashuvga Rossiya ilk marta duch kelib turibdi. G‘azabga mingan aholi hudud rahbari iste'fosini talab qilgan paytlar bo‘lgan. Masalan, Kaliningradda 2009-2010 yillarning qishida yoki Ingushetiyada 2018 yilda. Kreml o‘shanda yon berishga majbur bo‘lgan: Kaliningrad gubernatori Georigiy Boosni keyingi muddat saylovi nomzodlari orasiga qo‘shishmagan (o‘shanda gubernatorlar uch nomzod orasidan tayinlanardi), Ingushetiyada esa prezident ma'muriyatida bir necha mansabdor lavozimidan ayrilgan, rahbar Yunusbek Yevkurov esa mitinglardan so‘ng iste'foga chiqqan.

Biroq, Moskvaning o‘z xohishiga ko‘ra kimnidir ishdan bo‘shatish huquqi hech qachon hech kim tomonidan so‘roq ostiga olinmagandi. Aksincha, bu huquqni nomaqbul gubernatorning raqiblari doimo olqish bilan kutib olishgan. Yuriy Lujkov kabi mashhur rahbarlarning iste'fosi ham o‘z vaqtida so‘zsiz qabul qilingan. Uzoq Sharqning o‘ziga xos siyosiy xususiyatiga qaramasdan, Aleksandr Xoroshavinni (2007-2015 yillarda Saxalinsk oblasti gubernatori) himoyalab hech kim ko‘chaga chiqmagan edi, 2018 yilda Primore o‘lkasida hukmron partiya uchun muvaffaqiyatsiz o‘tayotgan gubernatorlik saylovlarining bekor qilinishi ham Kreml uchun og‘riqsiz yakun topgandi.

«O‘z gubernatorlari»ni himoya qilayotgan xabarovskliklar hech narsaga unashmayapti — na koronavirus bilan qo‘rqitishlariga, na Jirinovskiy tomonidan aytilgan Furgal o‘zi ketmoqchi bo‘lib yurgani haqidagi «insayd»larga, na namoyishlar xorijdan turib boshqarilayotgani haqidagi shamalarga. Mitinglarda borgan sari hududiy nota yangramoqda — Moskvaga qarshi shiorlar paydo bo‘lgan, Xabarovsk o‘lkasi bayrog‘idan juda ko‘p foydalanilmoqda. Furgal nomiga yog‘dirilayotgan ayblovlar ham ularni zarracha tashvishlantirayotgani yo‘q, chunki o‘lka va shahar nomiga qo‘yilgan Yerofey Xabarov ham o‘z vaqtida zindonband qilingan.

Biroq, syujyet qanchalik ko‘p aylantirilsa, uning yakunini o‘ylab topish murakkablashib boraveradi — bu serial yaratuvchilarning barchasiga ma'lum muammo. Yangi mojaroning unikalligi uning yakuni ham unikal bo‘lishini taqozo etadi. Oldingilarining barchasi u yoki bu darajada oliy hokimiyat foydasiga hal bo‘lgan — hududiy miqyosdagi qarama-qarshiliklar markazning yaqqol yoki ko‘rinmas aralashuvi bilan hal qilingan. Markaz bir figurani deyarli shunday ikkinchisiga almashtirib, jangni boshqarayotgan hakam singari o‘zining obro‘sini saqlab kelayotgan edi.

Umuman, Kremlga yo‘naltirilgan har qanday norozilik (shartli ravishda «Putin, yordam ber!» deb ataladigan) Kremlning foydasiga ishlab kelgan. Odamlar nimaiki narsadan norozi bo‘lishmasin, ular himoya istab prezidentga murojaat qilishyaptimi, tashvishlanmasa ham bo‘ladi. Gubernatorlar esa ayrim istisnolarni aytmaganda, Kreml uchun ma'lum darajada doimo ishlatiladigan material bo‘lib kelgan.

Xabarovskdagi qarama-qarshiliklar nimaga olib kelishini hech bir tomon oxirigacha anglamayotgandek. Taktik maqsadlar miting uyushtirayotganlar tomonidan ham, hokimiyat tomonidan ham aniqlashtirib olingan. Birinchi tomon Sergey Furgalni ta'qib qilishni bas qilish yoki sudni Moskvadan Xabarovskka ko‘chirishni qattiq talab qilib turib olgan; yangi gubernator v.b. Mixail Degtyaryovni o‘ta keskin qarshi olishganidan, maqsadlar sirasiga Degtyaryovga saylovlarda maksimum noqlaylik yaratish, idealda uni ketishga majbur qilish ham kiritilgan.

Hokimiyatning birinchi galdagi vazifasi yanada oson — yangi saylovlar o‘tkazish. Hududda nima bo‘lganda ham yangi boshliq paydo bo‘ladi, hokimiyat vertikali buzilmaydi, namoyishlar o‘z-o‘zidan so‘rilib ketadi. Bu vazifa bajarsa bo‘ladigan ko‘rinishga ega. Saylovlar o‘tadigan kun, albatta, e'lon qilinadi, ovoz berish ham o‘tkaziladi.

Biroq, na u va na bu vazifa mojaro ishtirokchilari aslida nimaga ega bo‘lishni istashlari haqida tasavvur bera olmaydi. Sergey Furgal oqlanishi mumkin emas, chunki bu holatda Kreml ahmoqona vaziyatga tushib qoladi — unda bu mashmashalarni boshlashga qanday zaruriyat bor edi? Boz ustiga, bu yangi saylovlargacha ro‘y berishi va Furgalga ishtirok etishga izn berilishiga ishonish yanada qiyin. Axir u allaqachon Putinning «ishonchini yo‘qotgan».

Hokimiyat saylovlarni texnik tomondan tashkil etib, o‘zini hududda fuqarolik totuvligini topish muammosidan xalos eta olmaydi. Mixail Degtyaryov — uni formal ravishda tayinlagan Putinning nomzodi bo‘lmasa ham, Moskva nomzodi hisoblanadi va qolgan vaqt ichida yetarli vaznga ega bo‘lishiga ishonish qiyin. Boz ustiga, u ishni miting qilayotganlar bilan muloqot qilishni rad etib, juda yomon boshladi (hattoki uning bu ishidan hali haqiqiy saylovlarni unutmagan ko‘ringan Valentina Matviyenko ham gina qilib qo‘ydi), umuman u siyosat bilan shug‘ullangani emas, «ishlagani» kelganini aytib, saylovchilarga emas, ko‘proq Vladimir Putinga yoqishga harakat qilmoqda.

Odatga ko‘ra, saylov komissiyalariga budjetdan maosh oluvchilarni safarbar etish hisobiga Xabarovsk o‘lkasida saylov o‘tkazish imkonsizligi ehtimoli yuqori. Potensial raqiblar, aytaylik RFKPni Degtyayorvdan ko‘ra «pachaqroq» nomzod qo‘yishga ko‘ndirish kerak bo‘ladi, lekin o‘sha holatda ham Ust-Ilimskda bo‘lgani kabi qarshi ovoz berishga duchor bo‘lish mumkin. U yerda mer saylovida hech kimga notanish uy bekasi g‘olib chiqqan. Bunday holat boshqaruvda to‘liq inqiroz keltirib chiqaradi, bu aholining o‘ziga zarar hamda yangi noroziliklar siklini paydo qiladi.

Lekin asosiysi, saylovlardan keyin nimalar bo‘lishi. Yosh «varyag» g‘alaba qozongan taqdirda ham uning obro‘si o‘lkadagi elitani bo‘ysundirish, ikkinchidan, aholi uchun Furgaldan ko‘ra yaxshiroq gubernator bo‘lish uchun yetarmikan? Mitinglar bo‘lib yotibdi va odamlar uchun naqd siyosiy tajribaga aylangan, xabarovskliklar o‘zlarining noroziligini uzoq vaqt eslab yurishadi. Uning har bir qadami nayza bilan kutib olinsa, o‘lka umuman uzoq vaqt xayrixohlikni yo‘qotsa, boshqa hududlar ham Xabarovsk amaliyotidan foydalana boshlasa nima bo‘ladi? Hozircha bu savollarga javob berish noaniq muddatgacha surib qo‘yilgan.

Prinsipial tafovut shundaki, aholi mustaqil gubernator istamoqda, holbuki Kreml uchun aynan mana shu shart shaksiz bajarib bo‘lmaydigan hisoblanadi. Ularga «ikkinchi Furgal» kerak emas, unda birinchisini olishga hojat yo‘q edi. Bir vaqtning o‘zida xabarovskliklar hozircha vertikal prinsipining o‘zini shubha ostiga olishga botinolmay turishibdi. Ularning o‘lkasi baribir dotatsion hisoblanadi, o‘zlarining tushunchasiga ko‘ra, gubernatorlari qay darajada mustaqil bo‘lish kerakligi ham tushunarsiz, federal markaz nuqtayi nazaridan qay darajada (va kim tomonidan) boshqariladigan bo‘lishi ham aniq emasligi kabi, chunki mamlakatning narigi boshidagi har bir aksirishni qo‘lda boshqarib ham bo‘lmaydi.

Rossiya siyosiy tizimida bunday vaziyatdan chiqish yo‘llari ko‘zda tutilmagan. Norozilik boshqa barcha jarayon kabi qandaydir rivojlanishi kerak: uni ma'lum muddatga bostirish mumkin, lekin yechilmagan mojaro yana bo‘y ko‘rsatadi va yangi darajaga chiqadi. Masalan, Moskvada Bolotnaya maydonidagi mitinglar konvertlandi, biroq keyinchalik muxolifatning avval munitsipal, keyinchalik Moskva shahar dumasi saylovlaridagi muvaffaqiyati ko‘rinishida namoyon bo‘ldi.

Biroq Kremlga norozilikni qondirish ham murakkab. Birinchidan, Kreml hech qachon «terrorchilar» bilan muzokara olib bormaydi, ikkinchidan, bu yerda qondiriladigan narsaning o‘zi yo‘q. Yagona u yoki bu darajada real istak — sud jarayonini ko‘chirish, biroq Sergey Furgalni qo‘yib yuborish rejalashtirilmayotgan bo‘lsa, Moskvaga bunday qilishning aslo keragi yo‘q. Bu bilan mitinglar to‘xtamaydi, eng yaxshi holatda ular sud binosi oldiga ko‘chadi! Chunki odamlarga sudning o‘zi emas, uning xayrli yakunlanishi kerak. Agar Furgalni Xabarovskda sudlashsa, odamlar «Mana, hammasi joyiga tushdi, endi tarqalamiz», deyishmasa kerak axir? Shiorlarga qaralsa, ular ayni paytda butunlay oliy hokimiyatdan ham norozi, hukm bunga sud tizimiga e'tirozlarni ham qo‘shadi.

Boshqa talablar impulsiv-hissiy xarakterlarga ega. «Moskva, ket!» — juda balandparvoz shior, lekin u aynan qanday ketishi kerakligini hech kim shakllantirmagan. Bu gubernator mahalliy xalq ichidan bo‘lishi shartligi, vakolatli vakillarni bekor qilish, nolinchi yillarning o‘rtalarigacha amalda bo‘lgan, mahalliy partiyalar tuzishga ruxsat, prezident esa gubernatorlarni ishonchni yo‘qotgani uchun ishdan ololmaydigan qoidalarga qaytish kerakligini anglatadimi? Agar miting uyushtirayotganlar shunday deb o‘ylashsa, buni ham yurak yutib bayon etish kerak, agar boshqa qoidalar haqida gap borayotgan bo‘lsa ularni ham tuzib, taqdim etish kerak.

Muzokaralar anarxiyadan yaxshiroq, albatta, lekin uni kim boshlaydi? Bugun har qanday siyosiy takliflar apriori inqilobga xos qabul qilinadi, ular haqidagi birgina firkning o‘zi qo‘rqitadi. Shu sababli ularni aytadigan odam yo‘q — norozilik namoyishlarida yetakchi yo‘q, agar aloqadorligiga hattoki Kreml ham ishonmayotgan Sergey Furgalning o‘zini shunaqa deb hisoblanmasa, yangi saylovlarga o‘zlarining yangi nomzodi ham yo‘q. Agar yetakchi bo‘lganida, Kremlga osonroq bo‘lar edi, bunday yetakchini beobro‘ qilish yoki sotib olish mumkin edi, hozir esa qanchalik xohlashmasin qayerga zarba berishni bilishmayapti. Bunday vaziyatda federal markazda o‘zi odatlanib qolgan narsani davom ettiraverishdan boshqa iloj yo‘q — reallikka qanchalik muvofiq kelishiga e'tibor bermasdan, zirhlangan poyezd kabi o‘zining byurokratik amrlarini bajaraverish. Bu zirhlangan poyezdning ortga yurishi konstruktiv jihatdan nazarda tutilmagan, o‘lkaga «Yedinaya Rossiya» vakili qo‘yilmayotganining o‘zi ham yetarli imtiyoz hisoblanadi.

Mojaro taraflarining har biri o‘z yo‘nalishidan ishonchli tarzda boshi berk ko‘cha tomon harakatlanmoqda. Bu yerda endi oliy hakam bo‘lmaydi, chunki hakam beixtiyor barrikadalardan biri tomonga o‘tib qolgan. Boshi berk ko‘chada o‘zaro qoniqarsiz mojaro spiral bo‘yicha rivojlanadi, har aylanganida yanada kengayib, atrofga sachragan holda — undan munosabatlarning yangi bosqichiga o‘tish ko‘rinishida chiqish yo‘lini topish kerak: bu holatda markaz va hududlar o‘rtasida. To‘g‘ri, bu munosabatlar lokal emas, umumrossiya xarakateriga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi, shu sababli uzoq kutishga to‘g‘ri keladi. Muloqotning boshlanishi uchun vaziyat butkul portlash darajasiga yetmasdan kimdir qandaydir shartlarni sanab, shakllantirishi ham kerak bo‘ladi.

Hokimiyat bilan muzokara platsdarmi paydo bo‘lgandek, ko‘rinishidan u avvalgilariga qaraganda mustahkam ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, unga chiqadigan odam topilmayapti. Garchi hokimiyat hozircha kuchga tayangan ssenariyni qo‘llashdan cho‘chib turgandek ko‘rinsa-da, repressiv apparat bilan yuzma-yuz kelish qo‘rqinchli ko‘rinmoqda. Lekin ertami-kechmi, uni Xabarovsk bo‘lmasa ham, boshqa joyda egallashga to‘g‘ri keladi, allaqachonlar yo‘q qilingan siyosat nimadandir boshlanishi ham kerak-ku, axir?

Qayd etish joizki, prezident Putinda yaqindan boshlab nostandart vaziyatlarni parchalash uchun yana bir qiziq qurol paydo bo‘ldi. Konstitutsiyaga yaqinda kiritilgan o‘zgartirishlar Rossiyada Moskvadan turib to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqariladigan allaqanday «federal hududlar»ni yaratish imkonini beradi. Yangilikni ertami-kechmi aynan Uzoq Sharqda qo‘llay boshlashsa, buning hayron qolarli joyi bo‘lmasa kerak. Lekin buning oqibatlarini kimdir zimmaga olishi qiyin.

Mavzuga oid