Tokio Olimpiadasida yana mojaro: ochilish marosimi rejissyori Xolokost haqidagi hazili tufayli ishdan ketdi
Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi rejissyori Kentaro Kobayasi tadbirdan bir kun oldin ishdan bo‘shadi. Bunga sabab u 1990-yillarda komik sifatida Xolokost haqida qilgan hazil bo‘ldi.

Foto: NEWSCOM / ALAMY STOCK PHOTO
«Frans-press» agentligi xabar berishicha, 23 yil muqaddam Kobayasi va yana bir komik sketch tayyorlashgan, unda ular bolalarning ko‘nglini oluvchi aktyorlar sifatida namoyon bo‘lishgan. Bu nomer davomida bo‘lajak rejissyor qog‘oz qo‘g‘irchoqlarni ko‘rsatadi va deydi: «Sen Xolokost o‘ynashni taklif qilgan vaqtdan buyon ular bizda».
Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi rahbari Seyko Xasimoto rejissyorning ishdan olinishi bo‘yicha qarorni uning so‘zlari «og‘riqli tarixiy faktlar» ustidan kulish bo‘lib qolgani bilan izohladi.
Bu hazil haqidagi video internetda aylana boshlagach, rejissyor iste'fo berdi va o‘zining o‘sha vaqtdagi harakatidan afsusdaligini bildirdi. «Ko‘ngilochar shou odamlarda yoqimsiz hislar uyg‘otmasligi kerak. Men bu ahmoqona so‘zlarni aytishim noto‘g‘ri bo‘lganini tushunaman va buning uchun afsusdaman», degan Kobayasi.
Antisemitizmga qarshi kurash hamda Xolokost qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bilan shug‘ullanadigan yahudiylarning Vizental markazi ham ushbu holatni e'tiborsiz qoldirmadi. «Hech kimda, hatto ijodkorlarda ham natsistlarning genotsidi qurbonlari ustidan kulishga huquq yo‘q», deydi markaz vakili Abraham Kuper.
Mojarolar zanjiri
Ochilish marosimi rejissyori ishdan ketgach Olimpiada tashkilotchilari bu hodisani qanday o‘tkazish haqida bosh qotirishmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli marosim ishtirokchilari soni cheklangan - faqat 950 kishi qatnashishi mumkin.
«Marosim o‘tkazilishiga juda kam vaqt qolganini hisobga olib, Olimpiada ishtirokchilari, Tokioda yashovchilar va yapon jamoatchiligini xavotirga qo‘yganimiz uchun uzr so‘raymiz», degan Xasimoto.
Rejissyor atrofidagi mojaro - Olimpiada tashkilotchilari vakillari siyosiy jihatdan ehtiyotsizlik qilgani tufayli ishdan chetlatilgan birinchi holat emas.
Hafta boshida Tokio Olimpiadasi ochilish marosimi kompozitori bolaligida sinfdoshlari ustidan muntazam ravishda kulib kelgani ma'lum bo‘lgach va u jurnalistlar bilan suhbatda buning uchun afsuslanmasligini bildirgach, ishdan ketishiga to‘g‘ri kelgandi.
Mart oyida o‘yinlarning ijodiy direktori Xirosi Sasaki yaponiyalik komik va modeler Naomi Vatanabe "olympig" (ya'ni olimpiya cho‘chqachasi) bo‘lishi mumkinligini aytib hazil qilgach, iste'fo bergandi.
Yil boshida esa Tokio-2021 Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi rahbari Yosiro Mori iste'fo bergandi - bunga uning tashkiliy qo‘mita tarkibidagi ayollar haqida aytgan so‘zlari sabab bo‘lgan. Xususan, Yosiro Mori ayollar juda ko‘p gapirishi va ularning ishtirokidagi majlislar juda uzoq cho‘zilishini aytgandi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, ayollar hamisha yig‘ilishlar vaqtida o‘zaro raqobatlashgan.
U ketgach tashkiliy qo‘mitaga Olimpiada bo‘yicha sobiq vazir, konkichi va velopoygachi ayol Seyko Xasimoto yangi rais etib saylangan.
Koronavirus muammolari
Bundan tashqari, ko‘plab yaponiyaliklar koronavirus keng tarqalishi xavfi tufayli o‘yinlar shu vaqtda o‘tkazilishiga qarshi chiqishgan. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, mamlakat aholisining 55 foizlik qismi Olimpiada o‘tkazilishini ma'qullamaydi.
Sportchilar va Olimpiadaning boshqa ishtirokchilari orasida har kuni yangidan yangi Covid-19 bilan chalinish holatlari aniqlanmoqda. Payshanba holatiga ko‘ra, shu vaqtgacha delegatsiyalar a'zolaridan 91 kishida virus tasdiqlangan.
Shu bilan birga, Yaponiyada aholining uchdan bir qismigina koronavirusga qarshi vaksina olgan, Tokioda favqulodda vaziyat holati joriy etilgan.
21 iyul kunlari Olimpiya o‘yinlarida ilk musobaqalar boshlanib ketdi - softbol bo‘yicha turnirda Yaponiya termasi Meksika va Avstraliya jamoalari ustidan g‘alaba qozondi.
Bugun futbol bo‘yicha turnir boshlandi, Meksika Fransiyani (4:1), Yangi Zelandiya Janubiy Koreyani (1:0) mag‘lub etdi, Misr va Ispaniya jamoalari bahsida kuchlar teng keldi (0:0).
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonda keyingi hafta jazirama issiq bo‘ladi
O‘zbekiston | 15:46 / 13.06.2025
G‘arb Isroil Eronga zarba berishidan xavotirda. Bu haqda nimalar ma’lum va oqibatlar qanday bo‘lishi mumkin?
Jahon | 21:01 / 12.06.2025
Qizaloqqa qarshi armiya: Greta Tunberg G‘azoga yetib borolmadi
Jahon | 17:45 / 11.06.2025
So‘m 2 haftada 2 foizga mustahkamlandi. Qanday qilib?
Iqtisodiyot | 18:57 / 10.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Eronning ajalvor hujumi va Tehronda navbatdagi portlashlar. Urushning uchinchi kunidagi asosiy voqealar
Jahon | 21:42 / 15.06.2025
-
Urush boshlandi, Netanyahu eronliklarni isyonga chorladi – hafta dayjesti
Jahon | 20:41 / 15.06.2025
-
Kun.uz’ning rasmiy Telegram kanalidagi nojoiz reklamalar yuzasidan obunachilarga murojaat
Jamiyat | 20:03 / 15.06.2025
-
Kiyevda Boeing ofisi zarbaga uchragan, Tataristonda dron zavodiga hujum qilindi
Jahon | 19:45 / 15.06.2025
Mavzuga oid

01:16 / 16.05.2025
Xolokostdan omon qolgan 97 yoshli keksa ayol universitet talabasiga aylandi

19:51 / 03.09.2021
Yaponiya bosh vaziri iste'foga chiqadi. Sabablardan biri - Tokio Olimpiadasi

17:26 / 13.08.2021
Olimpiada sovrindorlari murabbiylari va barcha ishtirokchilarga ham pul mukofoti beriladi

16:22 / 13.08.2021