Jahon | 13:08 / 15.04.2023
8124
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada bosh vazir nutqi oldidan portlash sodir bo‘ldi

Noma’lum shaxs Fumio Kishidaning nutq so‘zlaydigan maydoni yaqinida tutunli bomba uloqtirdi. Bosh vazir jabrlanmagan va evakuatsiya qilingan.

Foto: Kyodo

15 aprel, shanba kuni mamlakat g‘arbidagi Vakayama shahrida Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishidaning nutq so‘zlash joyi yaqinida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Yaponiya matbuoti xabarlariga ko‘ra, Kishida nutqidan oldin noma’lum shaxs tutunli bomba yoki mash’alga o‘xshagan buyumni uloqtirgan, keyin esa portlash sodir bo‘lgan.

Hodisa vaqtida hukumat rahbari parlament quyi palatasiga qo‘shimcha saylovda hukmron Liberal-demokratik partiyadan nomzod bilan suhbatlashayotgan edi. Kishida evakuatsiya qilingan va Vakayama politsiya bo‘limiga olib ketilgan, u xavf ostida emas. Buyumni uloqtirganidan keyin hujumchi portlash sodir bo‘lishidan oldin xavfsizlik xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Kishida bilan tadbirga bir necha yuz kishi yig‘ildi. Hodisadan biroz vaqt o‘tgach, Fumio Kishida rejalashtirilgan nutq so‘zlash uchun politsiya bo‘limini tark etdi. U portlash oqibatida yuzaga kelgan bezovtalik uchun mahalliy aholidan uzr so‘radi. «Bo‘lgan voqea sizni juda ko‘p tashvish va noqulayliklarga olib keldi, sizdan kechirim so‘rayman», — deya bosh vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Kyodo agentligi.

Mavzuga oid