Jahon | 00:20 / 25.10.2023
8445
2 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya Xitoy kemasini Balticconnector gaz quvuriga zarar yetkazganlikda aybladi

Dengiz tubidagi quvur yonidan kemaga tegishli langar topilgani aytilmoqda.

Foto: poliisi.fi

Finlandiya milliy tergov byurosi Balticconnector suvosti gaz quvuriga yetkazilgan zararning texnik sababini aniqladi. Bosh tergovchi Risto Lohi matbuot anjumanida bergan ma’lumotga ko‘ra, Honkong bayrog‘i ostidagi Newnew Polar Bear kemasi quvurning shikastlanishiga sabab bo‘lgan.

Qayd qilinishicha, dengiz tubida 1,5 metrdan 4 metrgacha kenglikdagi iz topilgan, u gaz quvurining shikastlanish joyiga olib borgan. Undan bir necha metr narida kema langari topilgan.

«Bugun erta tongda langar ko‘tarildi va uning gaz quvuriga tegib ketganini ko‘rsatuvchi izlar borligi aniqlandi. Bundan tashqari, biz kemaning oldingi ikkala langari joyida ekanini vizual tarzda tasdiqlay olmadik, bu esa aynan shu kemadan shubhalanishga asos bo‘ldi», dedi Lohi.

U Newnew Polar Bear kemasi bilan bir necha bor bog‘langanini, biroq ular hamkorlik qilishni istamaganini ta’kidladi. Endi ular Xitoy rasmiylari bilan bog‘lanishga harakat qilmoqda.

«Hodisalar ketma-ketligida qasddan yoki ehtiyotsizlik borligini aniqlashga alohida e’tibor qaratiladi», deb qo‘shimcha qildi tergovchi.

8 oktyabr kuni Gasgrid Finland kompaniyasi va Estoniyaning Elering operatori Balticconnector gaz quvuridagi bosim pasayib ketganini ma’lum qildi.

Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo tashqi ta’sir oqibatida gaz quvuriga zarar yetkazilgani haqida bayonot berdi.

NATO agar quvurga qo‘poruvchilik maqsadida qasddan zarar yetkazilgani aniqlansa, qat’iy chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

Latviya prezidenti Edgar Rinkevich agar Rossiya bu operatsiyani amalga oshirgani aniqlansa, Boltiq dengizidagi kemalar harakati yopilishi kerakligini aytgan edi.

Mavzuga oid