O‘zbekiston | 11:49 / 01.02.2024
10193
1 daqiqa o‘qiladi

Nurotada kuchli qor bo‘roni kuzatildi

Navoiy viloyati Nurota tumanining tog‘li hududlarida kuchli shamol esib, qor bo‘roni kuzatildi. O‘zgidromet bugun ayrim joylarda shamol tezligi sekundiga 22 metrgacha yetishini bildirdi.

Foto: Videodan kadr

Nurota tumanining tog‘oldi qishloqlarida qor bo‘roni kuzatilgan. Gidrometeorologik ilmiy tahlillar, ob-havo prognozlari, tadqiqotlarni berib boruvchi Uzb Meteo kanali tumanning Tikanli qishlog‘ida olingan lavhani e’lon qildi.

Lavhada ko‘rinishicha, hududda shamol tezligi va qor bo‘roni ancha kuchli bo‘lgan. 

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, bugun Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 17-22 m/s.gacha kuchayishi mumkin.  

Oldinroq Navoiyda anomal sovuq ham kuzatilgandi. O‘shanda viloyat shimolidagi “Oqbaytal” kuzatuv stansiyasida 17 daraja sovuq qayd etilgan edi.

Mavzuga oid