Jahon | 20:51 / 05.02.2024
9037
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik kosmonavt orbitada bo‘lish vaqti bo‘yicha rekord o‘rnatdi 

Oleg Kononenko deyarli o‘n yil saqlanib turgan ko‘rsatkichdan o‘zib ketdi. 

Foto: AP

Rossiyalik kosmonavt Oleg Kononenkoning koinotda bo‘lish vaqti ko‘rsatkichi 879 kundan oshdi. Bu yangi jahon rekordi hisoblanadi, deb yozdi TASS.  

Avvalgi rekord rossiyalik boshqa kosmonavt Gennadiy Padalkaga tegishli edi. 1998 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan beshta kosmik parvozi davomida u orbitada 878 kun 11 soat 29 daqiqa 48 soniya bo‘lgan. 

Qayd qilinishicha, Kononenkoning fazodagi missiyasi davom etmoqda va rekord ko‘rsatkich yanada oshadi.  

59 yoshli kosmonavt faoliyati davomida koinotga besh marta parvoz qilgan, birinchi marta 2008 yil aprelida. Hozirgi missiya 2023 yil sentabrda boshlangan. Kononenko 2024 yil sentabrida Yerga qaytadi, u koinotda jami 1110 kun – uch yildan sal ko‘proq vaqt o‘tkazishi kutilmoqda. 

Aytish joizki, orbitada uzluksiz qolish rekordi juda uzoq vaqtdan buyon saqlanib turibdi. Uni rossiyalik kosmonavt Valeriy Polyakov «Mir» orbital stansiyasida o‘rnatgan. 1994-1995 yillar davomida u 437 kunu 18 soat davomida fazoda bo‘lgan.

 

Mavzuga oid