Jahon | 13:35 / 26.05.2025
1537
2 daqiqa o‘qiladi

YeI diplomatiyasi rahbari Rossiyaga bosimni kuchaytirishga chaqirdi

Rossiyaning 25 mayga o‘tar kechasi Ukrainaga uyushtirgan hujumlarini izohlar ekan, Kaya Kallas shunday dedi: "Bu urushni tugatish uchun Rossiyaga kuchli xalqaro bosim o‘tkazishimiz kerak".

Foto: Anastasiia Shepeleva/DW

25 may, yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Ukrainaga bergan ommaviy zarbalari fonida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bu urushni tugatish uchun Rossiyaga «kuchli xalqaro bosim» o‘tkazishga chaqirdi.

«Kechagi hujumlar Rossiyaning Ukrainada yanada azob-uqubat va vayronagarchilikka intilayotganini ko‘rsatadi. Begunoh qurbonlar, yaralanganlar va halok bo‘lganlar orasida bolalarni ko‘rish shokka soladi. Mening o‘y-xayollarim bugun shu oilalar bilan», — deb yozdi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida.

Avvalroq, 25 may kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaning qator hududlariga qilgan vayronkor hujumlarini izohlar ekan, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa ittifoqchilarni Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

«Rossiyaning har bir bunday terrorchilik zarbasi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar uchun yetarli sababdir. Rossiya bu urushni davom ettirmoqda va har kuni odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda», deb yozdi Zelenskiy Telegramʼda. «Dunyo uikendga ketishi mumkin, ammo dam olish kunlari va ish kunlariga qaramay urush davom etmoqda. Buni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Amerikaning jim turishi, dunyodagi boshqalarning jim turishi Putinni faqat ruhlantiradi. Rossiya rahbariyatiga chindan ham kuchli bosim bo‘lmasa, bu shafqatsizlik to‘xtatilmaydi. Sanksiyalar albatta yordam beradi».

Mavzuga oid