27 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Samarqandda bir kunda uch o‘quvchi suvga cho‘kib ketdi, Zomin tumaniga sel yopirildi, Toshkentda 800 kishini chuv tushirgan firma ishi bo‘yicha maxsus tezkor shtab tuzildi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

800 kishini chuv tushirgan firma ishi bo‘yicha maxsus tezkor shtab tuzildi
Toshkent shahridagi quruvchi firmalardan uy uchun shartnoma olib, uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga «sotib» kelgan Credit House va In Fin Story Invest MChJ ishi bo‘yicha tezkor maxsus shtab tuzildi.
Ma’lum qilinishicha, Credit House va In Fin Story Invest mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining «firibgarlik» moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olingan.
Jinoyat ishi doirasida 800 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan bo‘lib, umumiy 209 milliard 263 million so‘m zarar aniqlangan. Ishga aloqador 5 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov boshchiligida tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda maxsus tezkor shtab tuzilgan. Tezkor shtab IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti binosida har kuni soat 09:00 dan 21:00 ga qadar ish olib bormoqda.
Zomin tumaniga sel keldi
Bugun, 27 may kuni Jizzax viloyati Zomin tumanining ayrim hududlariga sel yopirildi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida soylardan yomg‘ir suvlarining to‘planib oqishi kuzatilgan.
Sel suvlari kelishi oqibatida «Duoba» MFY Qorong‘usoy qishlog‘i hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining bir qismi qum-tosh massalari bilan yopilib qolgan.
Fuqarolar, aholi yashash xonadonlari, ijtimoiy soha obektlari va chorva mollariga zarar yetmagan. Maxsus muhandislik texnikalari yordamida sel oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
«Barcha fuqarolardan tog‘ va tog‘oldi hududlarda harakatlanganda yoki dam olish uchun borilganda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz», — deyiladi xabarda.
Paxtachida bir kunda 3 o‘quvchi cho‘kib ketdi
Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida bir kunda uch bola suvga cho‘kib halok bo‘ldi.
24 may kuni Paxtachi tumanidagi 6-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchilari cho‘milish maqsadida hududdagi fermer dalasida joylashgan hovuzga borib, cho‘kib ketdi.
O‘sha kuni sodir bo‘lgan yana bir holatda esa tumandagi 32-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi ariqqa cho‘kib halok bo‘ldi.
Maktab direktorining so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchi tushdan so‘ng otasi bilan dalaga mol sug‘organi borgan. Mollarni sug‘orib bo‘lgach otasi ortga qaytgan, bola esa dalada qolgan. «Ariqqa yiqilgan, hushidan ketganmi, hali biz ham aniq bilmaymiz. Ekspertiza xulosalariga qarab aniqlanadi endi. Otasining aytishiga qaraganda, cho‘kib o‘ladigan ariq bo‘lmagan», deydi direktor.
Kun.uzʼga kelib tushgan audioda eshitilishicha, kuzatilgan ushbu holatlardan keyin Paxtachi tumani hokimi Qayum Xushbaqov hududdagi barcha maktablarning sinf rahbarlariga uyma-uy yurib, o‘quvchilar ota-onasining yonida yoki yo‘qligini tekshirib chiqishni topshirgan.
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi Baxtigul Qarshiyevaga ko‘ra, holatlar dars vaqtida bo‘lmagan. Shuningdek, yozgi ta’til boshlanayotgani munosabati bilan taqiqlangan hududlarda cho‘milmaslik, bolalarni cho‘milish havzalariga yubormaslik bo‘yicha kafolat xatlari olingan.
Mavzuga oid

22:14 / 26.05.2025
26 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:24 / 23.05.2025
23 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:49 / 22.05.2025
21 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:25 / 21.05.2025