O‘zbekiston | 22:42 / 09.06.2025
829
6 daqiqa o‘qiladi

9 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi qoshida maktab ochiladi, Slovakiya bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi va Rossiyadan deportatsiya bo‘lgan fuqarolarga soxta pasportlar tayyorlab berish bilan shug‘ullangan guruh fosh etildi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi

Bugun, 9 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni qarshi olib, shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Slovakiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi.

Muzokaralar davomida tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, eng avvalo, o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Slovakiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni tayyorlash loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud moliyaviy vositalardan keng foydalanish taklif etildi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi qoshida maktab ochiladi

Toshkent shahar hokimi «Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Turkiya elchixonasi qoshidagi maktab binosi qurilishi uchun yer maydoni ajratib berish haqida«gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Turkiya elchixonasi qoshida maktab binosi qurilishi uchun Toshkent shahar Shayxontohur tumani, «Ko‘hota» MFY hududida joylashgan aholi punktlari yerlaridan maydoni 31 sotixli yer uchastkasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga doimiy foydalanishga ajratib beriladi.

Arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini tuzib chiqish hamda ajratilgan yer maydonini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘rnatilgan tartibda Davlat xizmatlari markazi orqali buyurtma beriladi.

Loyihalash uchun yerosti muhandislik inshootlarining ijro surati tushirilgan 1:500 nisbatdagi topografik xarita va geologik xulosa ishlab chiqish uchun «Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tekshirish davlat instituti» davlat unitar korxonasining Toshkent shahar filialiga buyurtma beriladi.

Loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun loyihalash tashkiloti bilan o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda loyiha-smeta hujjatlari mutasaddi tashkilotlarga taqdim etiladi.

Mazkur hududda joylashgan muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish yoki muhofaza hududini saqlab qolish ishlari, o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinadi.

Xorazmda soxta pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan guruh aniqlandi

Urganch tumani Ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi pasportchisi uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U fuqarolarga soxta ID-karta va xorijga chiqish pasporti tayyorlab berish bilan shug‘ullanib kelgan.

Kun.uz o‘rgangan sud hukmida keltirilishicha, ushbu fuqaro moddiy daromad orttirish maqsadida bir qator shaxslar bilan bir guruhga birlashib, jinoiy reja tuzgan. Unga ko‘ra, guruh a’zolari Rossiyadan deportatsiya qilingan va ushbu davlatga qaytib ketish maqsadida yurgan fuqarolarni topib, pul evaziga ularga shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirgan holda ID-karta va xorijga chiqish pasporti tayyorlab bergan. Bu ishni «pasporstol» xodimi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining «Manzil» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirgan.

Jumladan, ushbu shaxs 1988 yil 25 iyul kuni tug‘ilgan fuqaroga pul evaziga ismi, familiyasi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va sanasi hamda shaxsiy identifikatsion raqamini o‘zgartirgan holda ID-karta, xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirgan. U ayni shu yo‘l bilan 20 nafardan ortiq fuqaroga soxta ma’lumotlar kiritilgan hujjatlar tayyorlab bergan. Buning uchun 3 mln so‘mdan 1 500 AQSh dollarigacha «xizmat haqi» olgan.

U hatto Samarqand, Farg‘ona viloyatida yashovchi, Rossiyadan deportatsiya bo‘lgan shaxslarga ham Urganch tumanida ro‘yxatga olingani haqida soxta ma’lumotlar kiritib, shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirgan holda pasport rasmiylashtirib bergan. «Pasporstol» xodimi o‘zining bu jinoiy harakatlarini fosh qilmaslik va javobgarlikdan qutulish maqsadida fuqarolarga tegishli bo‘lgan haqiqiy pasportlarni yirtib, yoqib yuborgan.

Sud hukmi bilan mazkur shaxs tuhmat, mansab soxtakorligi, pora olish kabi jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topildi. Unga 3 yil ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Guruhning boshqa a’zolari ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mavzuga oid