10 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekistonda Koksaki virusi tarqalayotgani rad etildi, Amirsoy hududidagi restoran yonib ketdi, deputatlar 3 oydan ortiq chet elda bo‘lgan fuqarolarni majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni taklif qildi, Bolgariya bilan hamkorlikni kengaytirishga oid delaratsiya imzolandi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda Koksaki virusi tarqalayotgani rad etildi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda Koksaki virusi tarqalayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, ushbu virus ilk bor AQShning Koksaki shahrida aniqlangan va u enteroviruslar oilasiga mansub. Kasallik ko‘pincha bolalarda uchraydi. Aniqrog‘i, unga moyil aholi qatlami 3-10 yoshdagi o‘g‘il-qizlar hisoblanadi. Kattalarning xastalanishi esa juda kam kuzatiladigan holatdir.
Koksaki virusiga uchraganida bolalarning qo‘l va oyog‘ining old qismi hamda og‘zining shilliq qavatida turli toshmalar paydo bo‘ladi. Ba’zi hollarda yutinishning qiyinlashishi, kichik yarachalar paydo bo‘lgani uchun stomatitga xos tomoqda og‘riqlar kuzatiladi. Bu esa isitma ko‘tarilishi va ishtahaning pasayishiga olib keladi.
Ba’zan asosiy belgilarga qo‘shimcha ravishda bosh og‘rig‘i, limfa tugunlarning kattalashishi kabilar ham kuzatilishi mumkin.
Kasallik, asosan, yoz oylarida bolalar ochiq va umumiy cho‘milish suv havzalaridan foydalanganda va bemorlar bilan bevosita muloqot qilgan vaqtda yuqadi. Xastalikning yashirin davri 2-10 kungacha bo‘lib, ba’zi hollarda 2-5 kun davom etadi.
Mazkur xastalikni keltirib chiqaradigan virusni dunyoning istalgan joyida uchratish mumkin. O‘zbekistonda ham vaqti-vaqti bilan qayd etiladi.
Nurmat Otabekov hozirgacha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi qoshidagi hamda Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyalarida Koksaki virusi aniqlagani yo‘qligini ma’lum qildi.
«Demak, yurtimizda mazkur kasalllik keng miqyosda tarqaldi degan fikrga kelish uchun asos mavjud emas. Muhimi, Koksaki virusi uchun maxsus davolash protokollari mavjud va xastalik hech qanday asoratlarsiz to‘liq tuzalib ketadi.
Shunday bo‘lsa-da, zinhor o‘zboshimchalik bilan bemorga bakteriya va virusga qarshi preparatlarni berish kerak emas. Sababi Koksaki virusiga bu dori vositalari umuman ta’sir qilmaydi», — deydi mutaxassis.
Amirsoy hududidagi restoran yonib ketdi
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani «Chimyon» MFYda joylashgan yog‘och konstruksiyali restoranlardan birida yong‘in chiqdi.
Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga yong‘in yuz berayotganida to‘g‘risida 10 iyun kuni soat 01:32 da xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borgan va yong‘in salkam uch soatdan keyin, soat 04:20 da o‘chirilgan.
Yong‘in natijasida restoranning taxminan 300 metr kvadrat maydonda tomi, shifti, ichki qismi va jihozlari yongan.
Yong‘in natijasida tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan. Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Chet elda bo‘lgan fuqarolar majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin
Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qonun loyihasi inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 90 kundan ortiq muddatda chet elda bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolarini hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatga kelgan xorijliklarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Xususan, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikaga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Yig‘ilishda tashabbuskorlar deputat Sherzod Qulmatovning nima uchun 90 kun belgilanayotgani masalasiga izoh berarkan, bu yuqumli kasallik inson organizmida 90 kundan so‘ng o‘zini namoyon qilishini qayd etdi. U shuningdek, chet eldan qaytgan fuqaro agar o‘zining, oilasining sog‘ligini o‘ylasa, tezda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozimligini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur hujjat inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston va Bolgariya hamkorligi kengaytiriladi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya prezidenti Rumen Radevning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Bolgariya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashqi siyosat idoralari o‘rtasida tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. O‘zaro savdoning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida poytaxtlarda savdo uylari ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va imtiyozli kredit liniyalari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Uchrashuv yakunida Rumen Radev Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Bolgariyaga borishga taklif etdi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Rumen Radev ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzoladi.
Yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda Toshkent va Sofiya shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim almashildi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘ldi.
Prezidentlar xalqlar do‘stligi va hamkorligi, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga mushtarak intilishning ifodasi sifatida Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdi.
Mavzuga oid

22:42 / 09.06.2025
9 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:58 / 05.06.2025
5 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:31 / 04.06.2025
Nexia ostida qolgan ayol, 361 kg eshak go‘shti va korrupsioner hokim yordamchilari - 4 iyun yangiliklari

22:44 / 03.06.2025