Propiskaning qaytishi, kutilganidan tezroq inflatsiya - mahalliy dayjest
Taksichilar o‘zlari xohlagan hududda kirakashlik qilish huquqidan mahrum etildi. Pulning qadrsizlanish darajasi rasmiylar kutganidan ko‘ra balandroq bo‘lyapti. Afg‘oniston bilan yangi bitim tuzildi, Qirg‘iziston bilan tuzilgan shartnoma ratifikatsiya qilindi. Kun davomida Kun.uz'da yoritilgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Taksilarga propiska cheklovi
Kunning bosh mavzusi – taksichilarga nisbatan propiska cheklovining kiritilgani bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Vazirlar Mahkamasi 2 aprel kungi qarori bilan haydovchilarni litsenziya olish paytida qayerda taksichilik qilishni erkin tanlash huquqidan mahrum qilgan. Endilikda avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid bo‘lsa, litsenziya faqat ana shu hudud va unga tutash hududda taksichilik qilish uchun beriladi.
Bu degani misol uchun, Surxondaryo viloyatida berilgan, shu sababli “75” hududiy kodiga ega avtoraqam taqilgan mashinada faqat Surxondaryoning o‘zida va unga tutash Qashqadaryo viloyatidagina taksichilik qilish mumkin. Lisenziya talabini buzganlik yoki litsenziya olmasdan taksichilik qilganlik uchun – javobgarlik bor.
Qaror amaliyotda ijroga qaratilgunga qadar litsenziya olganlar hujjatning amal qilish muddati tugagunga qadar o‘zlari xohlagan joyda taksichilik qilishlari mumkin. Lekin yangi litsenziya olmoqchi bo‘lganlarda tanlash imkoniyati yo‘q. Bu holat ayniqsa Toshkent shahriga eng ko‘p ta’sir qiladi: poytaxtga viloyatdan kelib qonuniy kirakashlik qiluvchilar kamayishi ortidan taksi narxlari oshishi mumkin.
Bir qator jamoatchilik faollari bu qarorning Konstitutsiyaga zidligini aytmoqda. Xalq demokratik partiyasi ham shunday fikrda ekanini bildirdi. Partiya bayonotiga ko‘ra, taksichilar faoliyatiga hududiy cheklovlar qo‘yish – O‘zbekiston Konstitutsiyasining 67- va 42-moddalariga zid. Partiya shu munosabat bilan transport vaziri Ilhom Mahkamovga so‘rov yubordi va uni parlamentdagi hukumat soatiga chaqirdi.
Pulning qadrsizlanishi
Toshkentda oxirgi 1 yilda pul 18,5 foizga qadrsizlanib ketdi. Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovda qatnashgan poytaxtliklar ana shunday fikrda. Namangan, Sirdaryo va Jizzaxda yashovchilar esa so‘nggi bir yillik inflatsiyani o‘rtacha 15 foizdan balandga baholamoqda. Respublika bo‘yicha aholi o‘rtasida sezilgan inflatsiya ko‘rsatkichi 14,5 foizni tashkil etdi.
Markaziy bank bugungi bayonotida pulning qadrsizlanish darajasi kutilganidan ko‘proq bo‘layotganini tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, umumiy inflatsiya prognoz qilingan trayektoriyadan yuqoriroq shakllanmoqda. Shu munosabat bilan regulyator asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Izohlanishicha, bu – energetika narxlari oshishining ikkilamchi ta’sirlarini pasaytirish va umumiy inflatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini ta’minlash bilan bog‘liq.
“Energiya narxlari oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi inflyatsion bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora beradi”, – deyiladi Markaziy bank bayonotida. Regulyatorga ko‘ra, iqtisodiyotdagi yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlarning narxlarga oshiruvchi bosimlari kelgusi oylarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar yuzaga kelgan taqdirda, asosiy stavka oshirilishi mumkin.
Fermerlarga bosim
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Urgut tumani hokimi o‘rinbosari tomonidan fermerlarga bosim o‘tkazilayotganini qoralab bayonot berdi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, “ekishni xohlamagan fermerlarning yeri xitoyliklarga beriladi” degan ogohlantirish qonunchilikka zid. Holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan huquqiy baho berish choralari ko‘rilayotgani aytildi.
Eslatib o‘tamiz, Urgut tumani hokimi o‘rinbosari Zuhriddin Amonovning harakatlari haqida avvalroq Kun.uz xabar bergan edi. Amonov pilla, g‘alla va paxta rejasini bajarmagan, soliqlarni to‘lamagan fermer xo‘jaliklarining yerlari xitoylik investorlarga berilishini aytgan. U o‘z videomurojaatida Xitoydan kelgan investorlar allaqachon hududdagi yerlar bilan tanishtirilayotganini ma’lum qilgan.
Afg‘oniston bilan bitim
O‘zbekiston va Afg‘oniston imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim tuzdi. Bitimni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ikki mamlakatning savdo-sanoat vazirlari imzoladi. Kelishuv tafsilotlari hozircha ma’lum emas. Davlatlar o‘rtasida, shuningdek, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik dasturi ham tasdiqlangan.
Toshkent invesforumida qatnashish va shu kelishuvlarni imzolash uchun kelgan Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ldi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika va agrar sohalarda, shuningdek, geologiya-qidiruv va foydali qazilmalar borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qirg‘iziston bilan bitim
O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan mahkumlarni almashish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli qonunga imzo chekdi.
Bu shartnoma Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 2024 yil iyul oyida Toshkentga tashrifi doirasida imzolangan edi. Kelishuvga ko‘ra, endi ikki davlatdagi mahbuslar jazoning qolgan qismini vatanida o‘tash imkoniga ega bo‘ladi. Mahbuslarni almashish “Do‘stlik/Dostuk” o‘zbek-qirg‘iz chegara o‘tkazish punkti orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Qirg‘izistonda 100 nafarga yaqin o‘zbekistonlik, O‘zbekistonda esa 50 nafarga yaqin qirg‘izistonlik mahbus jazoni o‘tamoqda.
Mavzuga oid

16:11 / 12.06.2025
“Konstitutsiyaga zid tartib bekor qilinish kerak” - XDP taksichilar masalasida vazirni gilamga chaqirdi

12:34 / 12.06.2025
Hukumat qarori: Propiskasi yo‘qlar Toshkentda taksichilik qilolmaydi

10:03 / 12.06.2025
Endi hamma faqat o‘z hududida taksichilik qiladi, bu rasman tasdiqlandi

23:33 / 10.06.2025