Jahon | 12:54 / 16.07.2025
4401
10 daqiqa o‘qiladi

Rossiyani qo‘llashga tayyor Xitoy, Isroilga chora ko‘rmoqchi bo‘layotgan Yevroittifoq va FETOʻchilar ta’qibini davom ettirayotgan Turkiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

YeI Isroilga chora ko‘rishga tayyor

G‘azoda so‘nggi 24 soat ichida 93 kishining jasadi kasalxonalarga olib kelingan, 278 kishi yaralangan. Bu haqda sektor sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tayanib, Anadolu nashri xabar bermoqda.

«Ko‘plab qurbonlar hanuzgacha vayronalar ostida va yo‘llarda qolmoqda, chunki qutqaruvchilar ularga yetib bora olmayapti», deyiladi bayonotda.

Vazirlik ta’kidlashicha, so‘nggi 24 soat ichida insonparvarlik yordamini olishga urinayotgan paytda 6 nafar falastinlik halok bo‘lgan va 29 dan ortig‘i yaralangan. Isroil va AQSh ko‘magida tuzilgan GHF yordam tarqatish punktlaridan oziq-ovqat olish jarayonida halok bo‘lganlar soni esa qariyb ming kishiga yetdi. Xalqaro hamjamiyat va Hamas bu fondni «o‘lim tuzog‘i», deb atagan.

Isroilning harakatlari hozircha AQShdan boshqa barcha hukumatlarda norozilik uyg‘otmoqda. Xususan, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas Isroilni G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun aniq choralar ko‘rishga chaqirdi hamda Isroil o‘z va’dalarini bajarmasa, Ittifoq javob choralarini ko‘rishga tayyorligi bilan ogohlantirdi.

«Yevropa Kengashining so‘rovi bilan men tashqi ishlar vazirlariga qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi mumkinligi bo‘yicha tavsiyalar ro‘yxatini taqdim etdim. Bu borada muhokama bo‘lib o‘tdi va bu qarorlarni a’zo davlatlar qabul qilishi kerak. Biz bu imkoniyatlarni ochiq saqlaymiz va agar Isroil o‘z va’dalarini bajarmasa, harakat qilishga tayyormiz. Bizning maqsadimiz Isroilni jazolash emas. Maqsad — G‘azodagi vaziyatni chinakam yaxshilash», — dedi Kallas Bryusseldagi yig‘ilishdan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

2023 yil oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan genotsid xarakteridagi urushi natijasida kamida 58 ming 479 nafar falastinlik halok bo‘lgan, jarohatlanganlar soni 140 mingga yetdi.

Xitoy Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi

Xitoy rahbari Si Jinping AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Moskvaning savdo hamkorlariga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llash tahdidi yangraganidan keyin Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga va’da berdi.

Pekinda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda Xitoy rahbari ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari prezident Vladimir Putin bilan erishilgan «muhim kelishuvlarni samarali amalga oshirishi», shuningdek, «Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi ko‘ptomonlama maydonchalarda hamkorlikni rivojlantirishi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashi» kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, u ikki davlat xavfsizligi va taraqqiyot manfaatlarini himoya qilish zarurligini aytdi.

Xitoy, shuningdek bir tomonlama sanksiyalarga qarshi ekanini ochiq aytgan.

«Xitoy barcha noqonuniy bir tomonlama sanksiyalarga qat’iy qarshi. Tariflar urushida g‘oliblar yo‘q, majburlash va bosim muammolarni hal eta olmaydi», — dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Tszyan.

14 iyul kuni Donald Tramp agar Rossiya 50 kun ichida Ukraina bilan kelishuvga erishmasa, Qo‘shma Shtatlar Moskva va uning savdo hamkorlariga «qat’iy» 100 foizli tariflarni joriy qilishini aytgandi.

Xitoy esa Rossiyaning eng katta savdo hamkori hisoblanadi. Xususan, Moskva va Pekin o‘rtasidagi yillik import va eksport hajmi deyarli 240 milliard dollarni tashkil qiladi. Rossiya umumiy savdo aylanmasining 48 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Pekin Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini rasman qo‘llab-quvvatlamagan va hatto mojaroni hal etish bo‘yicha o‘z rejasini taklif qilgan. Biroq, manbalarga ko‘ra, iyul oyi boshida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas bilan uchrashuvda Pekin Moskvaning bu urushda mag‘lub bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan.

Uning tushuntirishicha, bunday ssenariy yuz bersa, Qo‘shma Shtatlar o‘z e’tiborini butunlay Xitoyga qaratadi. Shu bilan birga, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rahbari, agar Pekin haqiqatan ham Moskvaga yordam berganida, «urush allaqachon tugagan bo‘lardi», deb ta’kidlagan.

Isroil sulhdan keyin Suriyaning Suvaydo shahrini bombardimon qildi

Isroil 15 iyul kuni kuchlari janubiy Suriyada joylashgan Suvaydo shahriga havo hujumlari uyushtirdi. Bu hujumlar Suriyaning asosan druziylar yashaydigan ushbu hududida jangovar harakatlar qayta boshlanganidan so‘ng, Suriya hukumati sulh e’lon qilganidan atigi bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi.

Suriya Ichki ishlar vazirligi seshanba kuni bergan bayonotida, qurolli guruhlar Isroil havo kuchlari ko‘magida hukumat kuchlariga hujumlarni qayta boshlaganini ma’lum qildi. Isroil havo hujumlari druziylar rahnamosi Hikmat al-Hajrining mahalliy jangchilarga hukumat kuchlarining «vahshiyona hujumlariga» qarshi turishga chaqirganidan so‘ng sodir bo‘ldi.

Suriya Isroilning aralashuvini xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi sifatida qoraladi.

«Suvaydo va janubiy Suriya hududlariga uyushtirilgan dron va aviatsion hujumlar uchun to‘liq javobgarlikni Isroil zimmasiga yuklanadi. Hujum natijasida harbiylar va tinch aholi halok bo‘ldi. Suriyaning o‘z hududi va xalqini himoya qilish huquqi bor. Shuningdek, hukumat Suriya xalqining ajralmas qismi bo‘lgan druziylarni himoya qiladi», deyiladi Suriya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Isroil janubiy Suriyada joylashgan va Isroil bilan chegaradosh hududlarda uyushtirayotgan hujumlari, o‘zlarining potensial ittifoqchilari — druziylarni himoya qilish maqsadida amalga oshirilayotganini da’vo qilmoqda. Isroilning diaspora ishlari bo‘yicha vazirligi bayonotida «Isroil druziylar jang qilayotgan bir paytda befarq qarab tura olmasligi» aytilgan.

Yakshanbadan beri Suvaydoda beduin qabilalari va mahalliy druziy jangarilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 30 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 100 dan ortig‘i yaralangan. Bu ikki qurolli guruh o‘rtasida uzoq yillik adovat mavjud bo‘lib, vaqti-vaqti bilan zo‘ravonlik kuchayib ketadi. So‘nggi voqealar Suriya mudofaa vaziri Murhaf Abu Qasra tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Suvaydo shahrida «to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish» e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib yuz berdi.

Turkiya FETO a’zolarini xalqaro miqyosda ta’qib qilishda davom etadi

Turkiyada seshanba kuni 2016 yil 15 iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinish yodga olindi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan X ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan bayonotida davlat to‘ntarishiga urinish prezident Erdo‘g‘anning «tafakkuri» va turk xalqining «sadoqatli irodasi» tufayli bartaraf etilganini aytdi.

«Chet el razvedka xizmatlari bilan til biriktirgan xiyonat tarmoqlari Turkiyani tiz cho‘ktirishni maqsad qilgandi. Lekin ular bitta narsani jiddiy baholay olishmadi: bu — xalqimizning ozodlik va adolatga bo‘lgan sobit sadoqati hamda davlatimiz qudrati», — deb yozdi Fidan.

Uning ta’kidlashicha, hukumat FETO a’zolarini xalqaro miqyosda ta’qib qilishni davom ettirmoqda va to‘ntarish ortidagi aybdorlarni javobgarlikka tortishga qat’iy bel bog‘lagan. U, shuningdek, «qahramon shahidlar» xotirasiga hurmat bajo keltirib, to‘ntarishga qarshi turgan askarlarga minnatdorchilik bildirdi.

2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish sodir bo‘lgandi, hukumat uni Fetullahchi terror tashkiloti bilan bog‘laydi. Isyonda bir guruh harbiylar Istanbul va Anqaradagi muhim binolarni egallashga, parlamentni bombalashga, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni hokimiyatdan ag‘darishga urindi. Biroq xalq Erdo‘g‘anning chaqiruvi bilan ko‘chalarga chiqdi va politsiya ham armiyaning isyonchi qanotiga qarshi kurashdi.

To‘ntarishga urinish bir necha soat ichida bostirildi, 252 kishi halok bo‘ldi va minglab odamlar jarohatlandi. Shundan so‘ng, 15 iyul Turkiyada har yili «Demokratiya va Milliy Birlik Kuni» sifatida yodga olinadi.

Tramp Zelenskiy Moskvaga hujum qilmasligi kerakligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Moskvaga hujum qilmasligi kerakligini aytdi, deb xabar bermoqda Reuters nashri.

«Yo‘q, u [Zelenskiy] Moskvaga hujum qilmasligi kerak», — degan Tramp jurnalistlarning savollariga javoban.

AQSh prezidenti bunday bayonotni Financial Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Tramp iyul boshlarida Zelenskiy bilan suhbatda Ukrainani Moskva va Peterburgga hujum qilishga chaqirgani haqida yozganidan keyin bildirib o‘tdi.

Ushbu maqoladan keyin Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt «Financial Times o‘lib borayotgani sabab, e’tibor tortish maqsadida kontekstdan so‘zlarni yulib olishi bilan tanilganini» ma’lum qildi.

Tramp va Zelenskiy 4 iyulda bo‘lib o‘tgan suhbatda Ukraina Qurolli kuchlarining Moskvaga zarbalarini muhokama qilgani to‘g‘risida FTdan tashqari, Washington Post ham yozgandi. 

Mavzuga oid