Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh bilan «mega kelishuv» qilayotgan Zelenskiy, Iroqda kuchli yong‘in va Eronga yangi dedlayn tayyorlayotgan G‘arb – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Erdo‘g‘an: Isroil qonun-qoidalarga bo‘ysunmaydigan, terrorchi davlat
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqaradagi hukumat yig‘ilishida qilgan chiqishida Suriya va Isroil masalasiga to‘xtaldi.
«Biz kecha ham, bugun ham Suriyaning bo‘linishiga rozi bo‘lmadik — ertaga ham bunday rejalarni qat’iyan rad etamiz. Isroil arqonidan ushlagan holda quduqqa tushayotganlar oxir-oqibat qanday jiddiy xato qilganlarini tushunib yetadi», — degan Turkiya yetakchisi.
Anadolu nashrining yozishicha, Erdo‘g‘an Isroilni «qonun-qoidalarga bo‘ysunmaydigan, prinsipsiz, qulayliklarga o‘rganib qolgan va umidini yo‘qotgan terrorchi davlat» deb atagan.
«Isroil so‘nggi ikki kun ichida druzlar masalasini bahona qilib, jinoyat maydonini Suriyaga tutash hududga ko‘chirdi. Bugungi kunda mintaqamizdagi eng katta muammo — bu Isroilning tajovuzi. Suriya barqaror bo‘lsa, bu butun atrofdagi davlatlar uchun barqarorlikni ta’minlaydi. Aks holda, barchamiz bu beqarorlikning og‘irligini ko‘tarishga majbur bo‘lamiz», — dedi u.
Erdo‘g‘an Turkiya va Suriya hududidagi kurdlar «Isroilning qo‘lidagi vositaga aylanishiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligini» ta’kidlagan.
Shuningdek, Turkiyaning tegishli idoralari Suriya bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani ma’lum qilindi.
Ukrainaning AQSh va Yevropa bilan «savdo»si
Yevropaning NATOga a’zo uch davlati – Fransiya, Italiya va Chexiya Ukraina uchun Amerika qurollariga pul to‘lash tashabbusida ishtirok etishdan bosh tortdi. Politico nashrining yozishicha, Fransiyaning salbiy pozitsiyasi mamlakat prezidenti Emmanuel Makron uzoq vaqtdan beri yevropaliklar ichki xaridlar orqali o‘z mudofaa sanoatini rivojlantirishni ta’kidlab kelayotgani bilan izohlanadi. Shu bilan birga, Fransiya hukumati budjet taqchilligi bilan kurashishga urinishlar fonida o‘zining mudofaa xarajatlarini oshirishda qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.
Xuddi shu sabab — budjet tufayli Italiya xaridlar uchun to‘lov tashabbusiga qo‘shilishni istamaydi. Italiya Mudofaa vazirligidagi manbalar La Stampa nashriga bergan intervyusida: «Italiyaning deyarli hech qanday budjet imkoniyati yo‘q. Bu yerda Amerika qurollarini sotib olish haqida hech qachon gap ochilmagan», dedi.
Chexiya bosh vaziri Petr Fiala ham uning mamlakati Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olishda ishtirok etish niyatida emasligini aytdi. «Chexiya Chexiyaning o‘q-dorilar tashabbusi kabi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning boshqa loyihalari va yo‘llariga e’tibor qaratmoqda. Shu sababli hozirgi bosqichda biz ushbu dasturda ishtirok etishni o‘ylamaymiz», degan u.
Ayni shu kunlarda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp qurollar savdosi bo‘yicha «mega kelishuv»ni muhokama qilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, AQSh Ukrainadan janglarda sinovdan o‘tgan dronlarni sotib oladi. Evaziga, AQSh Ukrainaga o‘z qurollarini sotadi.
«Menimcha, bu hamma uchun foydali bo‘lgan haqiqiy «mega bitim», degan Zelenskiy The New York Post nashriga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina dronlari Rossiya hududi ichidagi nishonlarga zarba bera oladi. Shu sababli Kiyev Rossiya bilan qarama-qarshilik chog‘ida zamonaviy urushlar bo‘yicha o‘rgangan barcha narsani AQSh va yevropalik hamkorlari bilan baham ko‘rishga tayyor.
AQSh va Yevropa Eron yadroviy kelishuvi uchun dedlayn belgilaydi
AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari telefon orqali Eronga yadroviy kelishuvga erishish uchun avgust oyi oxirigacha vaqt berishga kelishib oldi. Bu haqda Amerikaning Axios nashri suhbat mazmunidan xabardor uch manbaga tayanib xabar berdi.
Agar Tehron belgilangan muddatda yadroviy kelishuvga rozi bo‘lmasa, Yevropa davlatlari BMT Xavfsizlik kengashining 2015 yilgi yadroviy kelishuvga ko‘ra Eronga qarshi olib tashlangan barcha sanksiyalarini tiklash uchun snapback mexanizmidan foydalanish niyatida. Bu mexanizm oktyabrgacha qo‘llanishi mumkin va shu oyda Rossiya Xavfsizlik kengashining navbatdagi raisligini o‘z zimmasiga oladi. Yevropa davlatlari bungacha ulgurmoqchi. Snapback faollashtirilganda, BMT Xavfsizlik kengashi 30 kun ichida Eronga qarshi sanksiyalarni yumshatishni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak: buning uchun to‘qqizta ijobiy ovoz va AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya yoki Fransiya veto qo‘ymasligi kerak. Agar rezolyutsiya qabul qilinmasa, sanksiyalar tiklanadi.
Qo‘shma Shtatlar va Yevropa diplomatik usullar ish bermasa, bu variantni «zaxira» sifatida ko‘rib chiqmoqda, deya qayd etadi Axios. Nashrning ikki manbasi xabar berishicha, yaqin haftalarda yevropalik diplomatlar Eronni cheklovlar qayta kiritilmasligi uchun qandaydir choralar ko‘rishga ko‘ndirmoqchi. Bu qadamlar qatoriga Islom Respublikasi va Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) o‘rtasidagi hamkorlikni qayta tiklash va Erondan 60 foizgacha boyitilgan 400 kgga yaqin uranni olib chiqib ketish kiradi.
Ayni paytda, Tehron BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarining tiklanishi «adekvat va mutanosib javob»ga sabab bo‘lishini ma’lum qildi.
XJS: Netanyahu va Gallantga chiqarilgan orderlar bekor qilinmaydi
Haagada joylashgan Xalqaro jinoyat sudi Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga chiqarilgan hibsga olish orderlarini bekor qilish haqidagi Isroilning hukumatining so‘rovini rad etdi. Bu orada sud G‘azo urushidagi harakatlar bo‘yicha Isroil tomonidan sud yurisdiksiyasiga qarshi bildirgan e’tirozlarini ko‘rib chiqmoqda.
XJS Isroilning Falastin hududlarida sodir etilgan ehtimoliy jinoyatlar bo‘yicha kengroq tergovni to‘xtatib turish haqidagi talabini ham rad etdi.
Xalqaro jinoyat sudi 2023 yil 21 noyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant va HAMAS yetakchisi Muhammad Deyfga nisbatan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar yuzasidan hibsga olish orderlari chiqargan edi.
2024 yil fevral oyida Muhammad Deyf halok bo‘lgani haqidagi ishonchli xabarlardan so‘ng unga nisbatan order bekor qilingan.
Isroil Haagadagi sud yurisdiksiyasini tan olmaydi va G‘azodagi urush jinoyatlarini rad etadi. Ayni vaqtda Netanyahu va Gallantga nisbatan chiqarilgan orderlarga qarshi da’vo ko‘tarilgan: Isroil sudning yurisdiksiyasiga e’tiroz bildirib, orderlar asossiz deb hisoblayapti. Sud hozircha yurisdiksiya bo‘yicha qaror chiqarmagan.
Avvalroq, AQSh Netanyahuni hibsga olishga berilgan order ortidan ushbu sudning to‘rt nafar sudyasiga sanksiyalar joriy qilgan edi. Sanksiya ostidagi sudyalardan ikki nafari orderlarni bekor qilish haqidagi Isroilning iltimosini rad etdi.
Iroqdagi savdo markazida yong‘in
Iroq nashrlari mamlakat sharqidagi Kut shahrida ochilgan yangi savdo markazida avj olgan yong‘in natijasida kamida 77 kishi halok bo‘lib, ko‘plab kishilar jarohatlangani haqida xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, besh kun muqaddam ochilgan kompleksdagi yong‘in chorshanba kuni kechqurun boshlangan, ertasi kuni o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida 77 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda AFP agentligi Iroq IIV bayonotiga tayanib, ammo favqulodda xizmatlar hali bedarak yo‘qolganlarni qidirish bilan mashg‘ul.
Mahalliy telekanalda namoyish etilgan kadrlarda olov binoning bir necha qavatini qamrab olganini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yong‘in vaqtida bino tomiga chiqib olgan odamlar ko‘rinadi.
Mahalliy aholi vakillaridan birining aytishicha, ikkinchi qavatda konditsioner portlagan, shundan so‘ng katta yong‘in boshlangan. Bino egasiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Vosit viloyatida qurbonlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qilindi.
Mavzuga oid

14:05 / 17.07.2025
Damashqqa zarba bergan Isroil, urushni davom ettirmoqchi bo‘lgan Putin va Ukrainaga kelishni boshlagan raketalar – kun dayjesti

12:54 / 16.07.2025
Rossiyani qo‘llashga tayyor Xitoy, Isroilga chora ko‘rmoqchi bo‘layotgan Yevroittifoq va FETOʻchilar ta’qibini davom ettirayotgan Turkiya – kun dayjesti

15:00 / 15.07.2025
Putindan jahli chiqqan Tramp, ikkiyuzlamachilik davri tugashi kerakligini aytgan BMT vakili va yana Suriyaga zarba bergan Isroil – kun dayjesti

14:41 / 14.07.2025