26 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Sirdaryoda quduqqa tushgan 3 kishi gazdan zaharlanib vafot etdi, birjaga chiqariladigan oltin hajmi oshiriladigan bo‘ldi, Italiya bosh vaziri O‘zbekistonga keladi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Sirdaryoda 3 kishi quduqdagi gazdan zaharlanib vafot etdi
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida uch kishi quduqdagi gazdan zaharlanib vafot etdi.
Bosh prokuratura taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, holat 22 may kuni sodir bo‘lgan. Tumanning Do‘stlik mahallasida yashovchi 67 yoshli fuqaro tozalash maqsadida xonadonidagi sizot suvlarini saqlovchi 5 metrlik quduqqa tushgan. Ammo u quduqda hosil bo‘lgan zaharli gazdan nafas olishi oqibatida vafot etgan.
So‘ngra uni qutqarish maqsadida quduqqa tushgan 39 yoshli o‘g‘li va 46 yoshli qo‘shnisi ham gazdan zaharlanib halok bo‘lgan. Ularni qutqarish uchun tushgan yana ikki kishi esa zaharli gazdan nafas olishi oqibatida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.
Sayxunobod tuman FVB xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan yordam sababli ota, o‘g‘il va qo‘shnining murdalari hamda zaharli gazdan hushini yo‘qotgan ikki fuqaro quduqdan olib chiqilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli ularning hayoti saqlab qolingan va tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.
Holat yuzasidan Sayxunobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yakka tadbirkorlarga tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda xorijiy tajriba asosida Yakkasaroy tumani, Andijon va Xivada ishlab chiqaruvchilarga ham, investorlarga ham jozibador zargarlik markazlari ochilishi ma’lum qilindi.
«Hamma eshitib olsin. Zargarlarning xomashyo bilan bog‘liq birorta muammosi bo‘lmasligi kerak», — dedi prezident.
Shu maqsadda bu yil birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi.
Shu bilan birga, mamlakatda yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinayotgani bilan imkoniyatlarning o‘ndan biri ham ishga solinmayotgani qayd etildi.
Prezident sohada «xufiyona» iqtisodiyot ulushi yuqori ekanini ko‘rsatib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, yiliga 550-600 million dollarlik buyumlar norasmiy tilla bozorlarida aylanmoqda. Yoki mustaqil izlovchilar 2020 yilda 40 kilogramm oltin topshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu 100 karra kamaygan.
Yig‘ilishda sohani «soya»dan chiqarish uchun yakka tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat berish, zargarlikda milliy brend yaratish uchun xorijdan dizayner, texnolog, qimmatbaho toshlar bilan ishlaydigan gemmologlarni olib kelish xarajatining bir qismini qoplash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qulladi.
Shuningdek, yig‘ilishda milliy brendlarni ko‘paytirish, mavjudlarini xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Shu maqsadda Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadigan bo‘ldi.
Italiya bosh vaziri O‘zbekistonga keladi
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni 28-29 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Italiya hukumati saytiga ko‘ra, uchrashuvlar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Jorja Melonining O‘zbekistonga tashrifi 25-26 aprel kunlariga rejalashtirilgan edi. U dastlab O‘zbekistonda, so‘ng Qozog‘istonda bo‘lishi, ikki davlatga rasmiy safardan tashqari Italiya–Markaziy Osiyo sammitida qatnashishi kerak edi. Biroq Rim papasining vafoti sabab uning tashrifi kechiktirilgandi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilning iyun oyida Italiyaga safari doirasida prezident Serjio Mattarella, bosh vazir Jorja Meloni bilan uchrashib, muzokara o‘tkazgandi. O‘sha tashrif doirasida O‘zbekiston va Italiya rasman strategik sheriklarga aylangan.
2023 yilning noyabr oyida esa Italiya prezidenti javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan edi.
Hududlararo soliq inspeksiyasi tashkil etiladi
«Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq, raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tashkil etiladi.
Raqamli markirovkalangan mahsulotlar aylanmasining barcha bosqichlarida tizimli nazoratni ta’minlash inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlarini soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlash bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
Mavzuga oid

22:33 / 28.05.2025
28 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:53 / 27.05.2025
27 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:24 / 23.05.2025
23 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:49 / 22.05.2025