O‘zbekiston | 17:57 / 29.06.2019
6400
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent issiq suv magistral tarmoqlari ta'mirlanishidan yo‘llarga yetkazilayotgan salbiy oqibatlar qachon barham topadi? 

Toshkent ko‘chalari ostidagi magistral issiq suv quvurlarini almashtirish natijalari videotasmalarga qayd qilinmoqda hamda maxsus komissiya ishlar sifatini jiddiy nazoratga olgan. Toshkent shahar hokimligida OAV vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shu haqda ma'lum qilindi, deb bermoqda Kun.uz muxbiri. Hokimlik rasmiylari jurnalistning quyidagi savoliga batafsil javob qaytarishdi.

-  Guvohi bo‘layotganimizdek, «Toshissiqquvvati» korxonasi shahar ko‘chalarida quvurlarni almashtirish ishlarini olib bormoqda. Biroq, shu vaqtgacha, ta'mirlash ishlari olib borilgach, toshlarning yetarli to‘ldirilmasligi oqibatida, asfalt qilingan yo‘l qismi cho‘kishiga ko‘p bora shohid bo‘lganmiz. Bu holatlar qachon barham topadi? 

«Haqiqatdan ham shaharning asosiy katta yo‘llarida kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlarini amalga oshiramiz. Ta'mirlangach, yo‘llarning yangi asfalt qilingan joylarida cho‘kish holatlari, sifatsiz bajarilishiga oid kamchiliklar bor edi. 

Hozirda, yangi tizimni yo‘lga qo‘ydik. Birinchi navbatda, almashtirilayotgan quvurlarning qanday holatda ekanini tekshirib, nazoratdan o‘tkazib, videoqaydlar qilyapmiz. Bugungi kunda shaharda 37ta ko‘chada quvurlarni almashtirish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, hokimlik tomonidan o‘rganishlar olib borilgach, 7tasida, shundan 5tasi Kichik xalqa yo‘lida, kamchilik qayd etilib, ishlarni qaytadan bajarish topshirig‘i berildi, qaytadan asfalt yotqizildi. Kelgusida ham shu yo‘nalishda ish olib boriladi», - dedi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonqulov.

Uning ta'kidlashicha, ilgarilari ko‘chalar asfalt qilingach, «Toshissiqquvvati» yoki «Suvoqova» korxonasi kelib, yo‘lni kovlab, quvurlarni almashtirish ishlarini olib borishlari xalqning jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘layotgandi. Endilikda, asfalt qiluvchi tashkilotlar kommunal xizmatlar bilan hamkorlikda ishlamoqda. Asfalt yotqizilishidan avval, yo‘llardagi kommunikatsiya tarmoqlarining ahvoli o‘rganib chiqilib, ularni almashtirish talab qilinsa, almashtirilib, keyin asfaltlash ishlari bajarilmoqda. Bu esa, mazkur ko‘cha ta'miriga 10-15 yil qaytmaslik imkonini bermoqda. 

Mavzuga oid