Jamiyat | 21:00 / 29.12.2017
8365
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada yil so‘zi tanlandi

Foto: Evening Standard

2017 yilda Ispaniyada yil so‘zi sifatida “aporofobiya” atamasi tanlandi. Bu so‘z nochorlik va nochorlar oldidagi qo‘rquvni anglatadi. Bu so‘zni ispan tilining ommaviy axborot vositalarida qoidali qo‘llanishiga ko‘mak beruvchi Fundéu jamg‘armasi mutaxassislari tanlashdi.

Yil so‘zi bo‘lish uchun “finalchilar” qatoridan “turizmofobiya” (sayyohlarga salbiy munosabat), machoexplicación (“macho” va “tushuntirish” so‘zidan tashkil topgan, menspleyning so‘zining muqobili; mansplaining – erkakning ayol bilan iltifotli gaplashishi), “yolg‘on xabarlar” (noticias falsas) so‘zlari ham o‘rin olgan.

“Aporofobiya” atamasini ilk bor o‘z maqolalarida ispan faylasufi Adela Kortina 1990-yillarda qo‘llagan. Ko‘pincha ksenofobiya va irqchilik ortida odamlarni milliy va irqiy alomatlarga ko‘ra yoqtirmaslik, muhojirlarga nafrat emas, balki boshqa bir holat – nochorlikni xush ko‘rmaslik yotadi. Bu atama Ispaniya qirollik akademiyasining lug‘atiga kiritilgan.

Jamg‘arma 5 yildan beri yil so‘zini tanlab keladi. 2013 yilda yil so‘zi escrache so‘zi bo‘lgan. Bu so‘z biror kishiga qarshi u bo‘lgan joyda (uyda, ishda) norozilik namoyishini o‘tkazishni anglatadi. 2014 yilda “selfi”, 2015 yilda “qochqin”, 2016 yilda “populizm” so‘zlari yil so‘zlari sifatida e'tirof etilgandi.  

Ispan tili 470 mln kishi uchun ona tili hisoblanadi. U bu borada xitoy tilidan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. 

Mavzuga oid